Nukus shahrida II xalqaro baxshichilik san’ati festivalining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirga madaniyat va san’at namoyandalari, ijodkor ziyolilar, san’at muxlislari, xorijiy mehmonlar taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nukus shahridagi II xalqaro baxshichilik san’ati festivali ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari,  turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov o‘qib eshittirdi.

Darhaqiqat, ezgu, xalqchil, insonparvar, bunyodkor g‘oyalar tarannumi milliy madaniy merosimizning nodir namunalarida doim ustuvor sanalgan. Bu asrlar osha o‘z ohorini to‘kmay bizgacha yetib kelgan xalq ijodiyoti namunalari, dostonlarda, go‘zal termalarda, afsona va asotirlarda o‘zining yorqin ifodasini topgan.Yangi O‘zbekistonning ma’naviy poydevorini yaratish jarayonida ham aynan milliy teran ildizlarimizga murojaat etish, bebaho madaniy xazinamizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning bor jozibasini boricha ko‘rsatish, yoshlarda milliy merosimizga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini yanada kuchaytirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu jihatlar maqom, baxshichilik san’atini asrab-avaylash, uning maktab va yo‘nalishlarini yanada rivojlantirishda yana bir karra o‘zining ifodasini topmoqda.

Asrlar osha ajdodlardan avlodlarga yetib kelayotgan bu bebaho san’at o‘zida she’riyat,   musiqa, ijrochilikning yuksak namunalarini mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Betakror dostonlarimiz tarixiy manbalarda keltirilishi bilan birga Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy asarlarida ham o‘zining teran izoh, ifodasini topgani  diqqatga sazovor. Manbalarga ko‘ra,  baxshilik san’ati  jonli xalq tilining turli shakllaridan, so‘z o‘yinlari va qochirimlaridan, xalq maqollari va iboralaridan unumli foydalana olishi lozim. Tinglovchilarni rom etuvchi ohang topa bilish, dostonni jozibali va qiziqarli qilib aytish doston aytishning asosiy talablaridan. Bu esa, o‘z navbatida tabiiy iste’dod, kuchli idrok, muntazam ravishda qunt va chidam bilan mashq qilishni talab etadi.

Ona yurtga sadoqat, muhabbat, do‘stlik, birodarlik, qahramonlikni tarannum etuvchi xilma-xil mazmundagi dostonlarni baxshilarimiz sevib kuylaydilar. Aytishlaricha, Po‘lkan shoir yetmishdan ortiq dostonni yoddan bilgan. Har bir doston ikki-uch ming satrdan tortib, o‘n-o‘n besh, hatto yigirma ming misragacha she’rni, qariyb shuncha nasr qismini ham o‘z ichiga olishini hisobga olsak, xalq baxshilarining salohiyati, hayratomuz yodlash va esda saqlash qobiliyati, ijod qilish qudrati o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston xalq baxshilari Bola baxshi Abdullayev, Shoberdi Boltayev, Abdunazar Poyonov, Boborayim Mamatmurodov, Qora baxshi Umirov, Abduqahhor va Abdumurot Rahimovlar, Shomurod Tog‘ayev, Ziyodulla Islomov, Norbek baxshi Abdullayev, Qalandar baxshi Normetov, Qodir baxshi Rahimov betakror ijrolari bilan baxshichilik san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shdilar. Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida baxshichilik san’ati rivojlangan bo‘lib, hozirgi kunda Bulung‘ur, Qo‘rg‘on, Shahrisabz, Qamay, Chiroqchi, Dehqonobod, Sherobod, Boysun, Janubiy Tojikiston, Xorazm hamda Qoraqalpoq dostonchilik maktablari o‘zining betakror ijrosi bilan ajralib turadi.  «Alpomish», Go‘ro‘g‘li turkumidagi «Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi»,«Ravshan» kabi o‘nlab asarlar, «Kuntug‘mish», «Rustamxon», «Oshiq G‘arib va Shohsanam», “Avazxon” kabi ko‘plab dostonlar xalq ruhini, uning teran ma’naviyatini o‘zida saqlab, asrlar qa’ridan suv ichgan milliy o‘zligini ko‘zgu misoli aks ettiradi.

Mamlakatimizda ayni betakror merosni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning o‘rganishga doir ishlarni kengaytirish, milliy merosimiz targ‘iboti orqali yosh avlodni jonajon O‘zbekistonimizga muhabbat, fidoyilik, sadoqat  ruhida tarbiyalash davlatimiz rahbari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan tub yangilanish jarayonlarida ustuvor o‘rin tutadi.   2019 yilda Termiz shahrida birinchi xalqaro baxshichilik san’ati festivalining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamlakatimiz madaniy hayotida o‘ziga xos katta voqelikka aylandi. Ayni paytda bolalar musiqa va san’at maktablarida baxshichilik yo‘nalishini o‘rgatish, bunday xayrli ishga mashhur baxshilarni ustoz sifatida jalb etish, ma’naviy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash borasida salmoqli ishlarga qo‘l urildi.

Nukus shahrida  bo‘lib o‘tayotgan II baxshichilik san’ati festivalida jahonning 22 davlatidan  100 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda. Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida o‘tkazilayotgan baxshi, oqin va jirov ijrochilari ko‘rik- tanlovining respublika bosqichida mamlakat miqyosidagi eng yaxshi baxshilar aniqlandi. Endi ularning g‘oliblari xalqaro baxshichilk san’ati festivali doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.

Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan ijrochilar o‘z san’atini xalqning ko‘z o‘ngida namoyish etayapti. Festival  doirasida “Baxshichilik san’atining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. Konferensiyada mamlakatimiz va xorijlik olimlar, baxshichilik san’ati namoyandalari ishtirok etadi. Bu boradagi istiqboldagi rejalar belgilab olinadi.

–  Baxshichilik san’ati dardga, insonning orzu-iztiroblariga to‘lib- toshgan san’at, – dedi mazkur festival doirasida o‘tkazilgan respublika tanlovining birinchi o‘rin sohibi, O‘zbekiston xalq baxshisi Baxshiqul Tog‘ayev. – 2019 yildan buyon mamlakatimizda baxshichilik xalqaro festivali o‘tkazib kelinmoqda. Bu festival turli mamlakatlarning ijrochilarini o‘zaro  fikr va tajriba almashishda, bunday noyob san’atni rivojlantirish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashishda, bir-birimizning san’atimiz bilan yaqindan tanishishda, odamlarning fikrlari, munosabatlariga guvoh bo‘lishda, alaloqibatda bebaho san’atimizni kelgusi avlodga bezavol yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

–  Madaniy meros haftaligi xalqaro baxshichilik san’atini ham qamrab olganidan juda mamnun bo‘ldik, – dedi germaniyalik olima Barbara Kellner. – Ha, men baxshi yigit o‘z tilida nelarni kuylayotganini tushunmasman, lekin baxshining ijro mahorati, yuksak sozandalik mahoratini alohida e’tirof etishni istardim. Jahonda aksariyat mamlakatlar milliy merosdan yuz o‘girib, texnologiyalar ortidan yugurib ketayotgan, pandemiya insoniyatga jiddiy xavf-xatar solayotgan, qancha-qancha davlatlar hayotini izdan chiqarayotgan  og‘ir sinovli davrda O‘zbekistonda bunday Madaniy meros haftaliklari, xalqaro baxshichilik san’ati festivallari o‘tkazilishi tahsinga loyiq. Bordiyu menga barini bir so‘z bilan ifodalash, baholash imkonini berishsa,  “super!” deb javob qaytargan bo‘lur edim.

Festival doirasida Nukus  shahridagi amfiteatrda xalqaro baxshichilik san’ati tanlovi  ham bo‘lib o‘tadi. Tanlovda ishtirok etadigan xorijiy va mamlakatimiz ishtirokchilarining mahorati chet ellik va mahalliy mutaxassislar, olim va ekspertlardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholab boriladi. Shu bilan birga festival doirasida ishtirokchi va mehmonlar uchun  Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Xalq uchun” milliy operasi namoyishi va Mo‘ynoq tumanidagi madaniy meros ob’ektlariga ekskuriyalar tashkil etiladi.

Nukusdagi fayzli san’at maskanining  ochiq osmon ostidagi sahnasida turli xorijiy davlatlarining bayroqlari hilpiraydi. Baxshiyu oqinlar ijrosida xalqchil qo‘shiqlar yangraydi. San’at ustalari va ijrochi yoshlar konsertga yanada zavq bag‘ishlaydi.

…Orziqib kutgan san’at shodiyonamiz —  II xalqaro baxshichilik festivali boshlandi. Zamonaviy lazer texnologiyalari konsertga mo‘’jizakor ruh bag‘ishlaydi.

Tinch- osoyishta, farovon, bunyodkorlik, taraqqiyot, ma’naviy yuksalish va yangilanish sari yuz tutgan jonajon O‘zbekistonimizda kuy-qo‘shiqlar, navolar, baxshilarning dostonlari doim yangrab tursin!

II xalqaro baxshichilik san’ati festivalining  ochilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Murat Kamalov  ishtirok etdi.

 

                                                                                               Nazokat Usmonova,

                                                                                              O‘zA muxbiri