Nukusda 17 sentyabr kuni «Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniy forumiga tayyorgarlik doirasida «Arxeologiya va turizm: salohiyatni aniqlash va merosni boshqarish» mavzuida xalqaro arxeologik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston turizm va sport vazirligi, UNESCO masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi va Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi ko‘magida tashkil etildi.

Konferensiyada ellik nafardan ortiq xalqaro mutaxassis, arxeologiya va tarixiy-madaniy meros sohasidagi ilg‘or olimlar va amaliyotchilar qatnashdi.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengashi Raisi Murat Kamalov, UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Aleksandros Makarigakis so‘zga chiqib, anjuman ishiga muvafaqiyat tiladi.

Konferensiyada arxeologiya va turizm sohasida amalga oshirilayotgan dolzarb ishlar to‘g‘risida ma’lumot berilib, fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘zbekiston rahbariyatining tarixiy-madaniy merosni, xususan, arxeologiya yodgorliklarini o‘rganish, asrab-avaylash, ulardan foydalanish, ommalashtirish va barqaror boshqarish bo‘yicha yechim topishga intilishi anjumanning eng muhim shartlaridan biri bo‘ldi. O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston olimlari va tadqiqotchilarini birlashtirgan Buyuk ipak yuli:  Zarafshon – Qoraqum yo‘lagi va Qadimgi Xorazm merosi transmilliy turkum nominatsiyalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan «Mazdakxon Uchtepasi» individual nominatsiyasi shular jumlasidan.

Mamlakatimizda olib borilayotgan tadqiqotlar doirasida mazkur anjuman Markaziy Osiyo uchun arxeologik merosni o‘rganish va asrash muammolari va vazifalarini har tomonlama muhokama qilish uchun yagona platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan. Katta salohiyatga ega arxeologik joylar milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda madaniy turizmni rivojlantirish katalizatoriga aylanishi mumkin.

Tadbirda ma’ruzachilarning chiqishlari ilmiy-madaniy almashinuvlar, millatlararo muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tarixiy-madaniy merosning ijtimoiy-gumanitar fanlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi kabi masalalarni qamrab oldi.

Anjuman doirasida ishtirokchilar uchun aksariyati ming yillardan oshgan qadimgi Xorazmning eng qimmatli arxeologik yodgorliklarini tomosha qilish imkonini beruvchi madaniy ekskursiya tashkil etildi.

Ma’ruzalar tadqiqot sohasi hamda ilmiy ishlarning muayyan mutaxassislikka tegishli xususiyatlariga qarab tematik seksiyalarda davom etdi.

– Ushbu anjuman Markaziy Osiyo xalqlari uchun muhim ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Abduhakimov. – Mazkur uchrashuv doirasida o‘ta muhim hujjat – Markaziy Osiyo arxeologiya merosini boshqarish tamoyillari deklaratsiyasini muhokama qilish va qabul qilish rejalashtirilgan edi. Bu esa mintaqa tarixida mazkur yo‘nalishdagi ilk tashabbus bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlarini arxeologiya merosi ob’ektlarini o‘rganish, asrash va ularni eng yuqori xalqaro darajada ommalashtirish yo‘lida birlashtirishga xizmat qiladi.

Anjuman doirasida Markaziy Osiyo arxeologiya merosini boshqarish tamoyillari deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu deklaratsiya arxeologiya merosini himoya qilish va uni targ‘ib etishda hukumatlar va ilmiy-akademik jamoatchilikning umumiy qarashlarini aks ettiruvchi Markaziy Osiyoda ishlab chiqilgan ilk strategik hujjatdir.

UNESCO ma’qullagan, umumetirof etilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan mazkur deklaratsiya Markaziy Osiyo mintaqasining arxeologik merosini boshqarishning asosiy tamoyillari, yondashuvlari va usullarini belgilashga mo‘ljallangan.

 

A.Jiyemuratov,

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi

O‘zA