Nukus shahrida bo‘lib o‘tayotgan II xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida “Baxshilari bor yurtning yaxshilari bor!” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Festival chinakam xalqona ruhda, xalq sayli tarzida o‘tayotgani e’tiborga molik.

“Shuhrat” medali sohibi Qahhor baxshi Rahimov Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidan kelgan. U baxshilarning yettinchi avlodi vakili sanaladi.

–  Ushbu festivalda qoraqalpoq dostonlaridan bo‘lmish “Sheryurak Madixon” dostonidan namunalarni ijro etdik. Xalqimiz bunday festivallarga, baxshilar bilan uchrashuvlarga intiq ekani  yana bir karra ayon bo‘lmoqda. Bunday festivallar biz baxshilarga ko‘plab afzalliklarni beradi. Yangi ovozlarni barchaga tanitadi. Baxshilar o‘rtasida do‘stlik mustahkamlanadi. Bizga bo‘lgan e’tibor ushbu festivalning  ko‘tarinki ruhda, yuksak saviyada o‘tkazilayotganida ham yaqqol ayon bo‘lmoqda. “Ustoz-shogird” an’analari yanada boyiydi. Biz boshqa baxshilardan o‘rganamiz, boshqalar bizdan o‘rganadi. Aslida baxshilarning yettinchi avlodi vakilimiz. Otam – Qodir baxshi, bobom Jabbor baxshi, bobokalonlarim Begimqul, Alimqul, xullas baxshilar sulolasi vakili ekanim qalbimga faxr, ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Ustoz baxshi Muhammad Eshboyev 2018 yildan buyon Termiz shahrida tashkil etilgan baxshilar maktabida yoshlarga ta’lim beradi.

–  Bolalarga baxshichilik san’atini kitob orqali o‘rgatish ancha mushkul jarayon. Imkon qadar ularning yoshiga moslab baxshichilik san’atining o‘ziga xos jihatlarini tushuntirishga harakat qilaman. O‘zim aslida bu san’atning sirlarini tog‘am, mashhur baxshi  Abdunazar Poyonovdan o‘rganganman.  Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan bir qator ijodiy tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etganman. Bolalar chanqovuz, do‘mbira ijrosini astoydil va mukammal o‘zlashtirishga intilayotgani quvonarlidir. Shu bilan birga Dilnoza Lazizova, Odiljon Tursunov kabi o‘quvchilarimiz ham bir qator respublika tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani e’tiborga molikdir.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA