Nukus shahrida bo‘lib o‘tayotgan II xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida tashkil etilayotgan ko‘rgazmalar, konsertlar, baxshi va oqinlarning betakror ijrosi mazkur yirik madaniy tadbirga kelgan xorijlik mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

O‘zA muxbiri xorijlik mehmonlarning ilk taassurotlari bilan qiziqdi.

 Mark Tutan,  Fransiyalik tadqiqotchi:  

– Yangilanishga yuz tutgan O‘zbekistonda o‘zgarishlar har jabhada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Boy milliy merosingiz xalq og‘zaki ijodiyotining o‘ziga xos namunasi sifatida baxshichilik rivojiga bo‘lgan e’tiborda ham ko‘rinmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yuksak san’atni, teran ma’naviyat va ma’rifatni, ijodkorlar, yoshlarni muttasil qo‘llab-quvvatlaydigan elparvar yetakchi sifatida jahon hamjamiyati ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lmoqda. Qo‘hna qoraqalpoq diyorida bunday festivalning yuqori saviyada, bayramona ruhda o‘tkazilayotganiga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘ldik. Bularning bari davlatingiz rahbarining bir so‘zli inson ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.

 Tatyana Yemelyanenko,  Rossiyalik olima:  

– Qarang, Nukusning ko‘chalari qanday gavjum. Undagi konsertlar, baxshilarning ijrosi barchani o‘ziga rom etib qo‘ygani odamlarning yuz-ko‘zida zohir. Ayrimlar hozirgi barcha mamlakatlar uchun o‘ta murakkab davrda O‘zbekistonning bunday san’at festivali o‘tkazayotganiga hayron qolayotgan bo‘lsa, kimlardir bu festivalga havas va hayrat bilan boqmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev asos solgan bunday ulkan ijodiy loyiha qanchadan-qancha odamlarni Nukusda birlashtirdi. Biz O‘zbekiston baxshilari doim izlanishda, qizg‘in ijodiy faoliyatini davom ettirayotganiga guvoh bo‘ldik. Men mamlakatingizda boshlangan ulkan islohotlar o‘zining samaralarini ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lmoqdaman.

 Ermal Bega,  Albaniyalik olim:  

– Xalqning o‘zligi uning ijodiyotida ko‘zgu singari aks etadi. Madaniy meros haftaligi doirasida dostonlar, umuman xalq og‘zaki ijodiyotini mukammal o‘rganayotgan, faol tadqiqotlar olib borayotgan o‘zbek olimlari ko‘p ekanini ko‘rdik. Ulug‘ alloma shoir Alisher Navoiyning benazir ijodida ham xalqona ohanglar ustuvorligini ko‘rish mumkin. Shunday allomalar yetishib chiqqan zaminning folklor ijodiyoti naqadar boy va betakror ekani rostmana bo‘y ko‘rsatmoqda. Bunday festivallarning o‘tkazilishi madaniy boyliklarining tadqiqoti, sayyohlik ravnaqida yangi-yangi imkoniyatlarni ochishi shubhasiz.

 

O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.