Mamlakatimizda milliy madaniyat va san’at, boy madaniy merosni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, ularni boricha avaylash, ma’no-mazmunini targ‘ib etish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu kunlarda xalq merosining eng nodir namunalari ko‘z-ko‘z etilayotgan Nukus shahrida bu jihatlar yana bir karra o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.

Prezidentning  2021 yil 10 apreldagi “II xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra,  Nukusda xalq ijodiyotining ushbu nodir turiga oid xalqaro festival bayramona ruhda bo‘lib o‘tmoqda.

Baxshichilik bayrami munosabati bilan ushbu maftunkor shaharga san’at muxlislari, xorijlik mehmonlar tashrif buyurishgan. Bu esa jahon miqyosida baxshichilik san’atiga bo‘lgan qiziqishning tobora ortib borayotganidan darak beradi. Nukus shahridagi Igor Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi atrofidagi xiyobon mamlakatimizning go‘zal an’ana va udumlari, milliy hunarmandlik namunalari, boy madaniy-ma’naviy merosni namoyish etuvchi ajib bir maskanga aylangan. Tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmalari, baxshilarning chiqishlari, milliy kuy-qo‘shiqlar, lapar va dostonlar navosi bir lahza bo‘lsa-da tinmaydi.

Festival  doirasida Nukus shahridagi Opera va baxshichilik san’ati maktab-internatida “Baxshichilik san’atining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkaziladi. Unda mahallliy va xorijlik mehmonlar qatnashishi ko‘zda tutilmoqda.

–  Baxshining ijrosini tinglab, inson yuragi  tushuntirish juda mushkul bo‘lgan ajib tuyg‘ular ta’sirida qoladi, – dedi Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasi mutaxassisi Mustafo O‘zbakir. – Bunday betakror ijro inson ruhiyatini nedir yuksaklarga olib chiqadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Umuman olganda, mamlakatingizda baxshichilik san’atiga ham katta e’tibor qaratilayotgani mazkur san’at bayramida yana bir karra namoyon bo‘lmoqda.

Ha,Nukus  bugun san’at, bebaho meros, ko‘hna ohanglarga makon ekani  barchaning ko‘z o‘ngida yana bir bor yorqin namoyon bo‘lmoqda.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA