Qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodiyoti uzoq asrlik tarixga ega. XX asrga qadar qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodi keng rivojlandi.

Gashtagu-to‘ylarda, katta marosimlarda qahramonlik va botirlik dostonlari baxshi-yu, jirovlar tomonidan maromiga yetkazib kuylangan, bizgacha yirik dostonlar asl holida yetib keldi va qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodiyoti bugun kitob ko‘rinishga keltirilib, adabiyotshunoslar tomonidan chuqur o‘rganilib kelinmoqda.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti davlat muzeyi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘linmasi va Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi hamkorligida tashkil etilgan «Musiqa va tasviriy san’atda dostonlarning ifoda etilishi» nomli tadbir ham aynan dostonlarning kelib chiqish tarixi, qoraqalpoq folklori, musiqa va tasviriy san’atning dostonlar bilan o‘zaro uyg‘unligi haqidagi suhbatlarga boy o‘tdi. Tadbirni muzey direktori Sharigul Payzullayeva ochdi, deya xabar beradi  Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati.

2002 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan muzey Berdaq milliy muzeyiga joriy yilda davlat maqomi berilib, Berdaq nomidagi qoraqalpoq adabiyoti davlat muzeyi nomiga o‘zgartirildi. Adabiyotning yorqin namunalari aks etgan muzeyning dostonlar haqida so‘zlayotgan devoriy bezaklari va ekspozitsiya zallaridan o‘rin olgan 30 dan ortiq rangtasvir asarlar muallifi Qoraqalpog‘iston xalq rassomi Barliqbay Aytmuratov tadbirda qatnashib, harbiylar tarixiy janrda ijod etayotgan rassom bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Rassomning ijodi qoraqalpoq tarixi va adabiyotini keng qamrab olgan bo‘lib, u nafaqat Berdaq, Ajiniyaz, Ibrayim Yusupov singari adabiyotning yirik darg‘alari portretlarini yaratdi.

Asarlariga kompozitsiyalar ishladi, balki xalq og‘zaki ijodidan olingan dostonlarga bag‘ishlab ko‘plab asarlarni san’at ixlosmandlariga havola etdi.

Qoraqalpoq xalq dostonlaridan «Qirqqiz», «To‘maris», «Shariyar», «Yernazarbiy» rassomning eng sermahsul ijodiy ishlaridan sanaladi. Musavvir adabiyotga ulkan mehr qo‘ydi, obrazlarni yaratishda tarix bilan hamnafas yashadi. U o‘z nutqida askarlarga kitoblarning sehrli makoni uning tasavvur olamini boyitganini va yillar o‘tib, tasavvurlar rangin bo‘yoqlarda matoni quchganini to‘lqinlanib gapirib berdi.

Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universitetining baxshichilik yo‘nalishida «Nihol» mukofoti sovrindori Salamat Ayapovdan tahsil olayotgan bir guruh talabalar dostonlardan parchalarni ijro etib berishdi. Bunda askarlar qo‘biz cholg‘u asbobining yaratilish tarixi, jirov va baxshilarning o‘zaro farqi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Adabiyot, rangtasvir va musiqa garmoniyasi tadbirga o‘zgacha fusun baxsh etdi. Ayniqsa, rassom Barliqbay Aytmuratov ishtirokidagi ekskursiya askarlarning qoraqalpoq adabiyoti haqidagi tushunchalarini boyitdi.

 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA