Tarovatli Nukus bugun yana o‘zgacha shukuh, go‘zal joziba kasb etgan.

Taxtako‘pirlik Mambet baxshi Bekimbetov garchi baxshichilik festivalida ishtirok etmasa-da, san’at muxlislarini o‘z ijod namunalari bilan xushnud etish uchun Nukusga kelgan.

– 2002 yili Shapaq Shamatov nomidagi san’at bilim yurtini tamomlab, hozirda tumanimizdagi 17-Bolalar musiqa va san’at maktabida baxshichilik yo‘nalishida bolalarga ta’lim beryapman, – deydi baxshi. – Baxshichilik xalqaro festivalining Nukusda bo‘lib o‘tayotgani qalbimizga cheksiz g‘urur bag‘ishlamoqda. “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostoni “G‘arib va Sanam”, “G‘arib Oshiq” , “G‘aribjon” kabi nomlar bilan ham xalq orasida mashhur. Agar uni to‘liq jamlasa, kattagina kitob bo‘ladi. To‘liq ijro etilsa salmoqli vaqt ketadi. Muhabbatga, armonu iztirobga to‘la bu doston xalqimiz ko‘nglidan joy olgan. Shu sabab uning eng jozibali lavhalaridan iborat dastur tayyorlab keldik. O‘ylaymanki, mazkur festival baxshichilikdek go‘zal san’atni yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqadi.

 

 N.Usmonova, O‘zA