Poytaxtimizda Markaziy Osiyoda tuberkulyozni integratsiyalashgan tarzda nazorat qilish bo‘yicha beshinchi xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tadbir tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uch kun davom etadigan mazkur tadbir yurtimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan hamda AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, KfW taraqqiyot banki, Silni to‘xtatish (Stop TB Partnership) harakati ko‘magida tashkil etilgan.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniyel Rozenblyum, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, anjumanda O‘zbekiston, AQSH, Germaniya, Avstraliya, Shveysariya, Latviya, Ukraina, Moldova, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi qator davlatlardan 300 nafardan ortiq sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari onlayn va oflayn tarzda qatnashmoqda. Tadbir hukumatning “COVID-19” pandemiyasi davrida tuberkulyozga qarshi kurash dasturlarini amalga oshirish va barqaror moliyalashtirish imkoniyatlarini shakllantirishga, shuningdek, tuberkulyozga qarshi kurash bilan bir qatorda pandemiya muammolarini hal qilishga qaratilgan.

Anjumanning ochilish marosimida so‘zga chiqqan AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum ta’kidlaganidek: «Bu konferensiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining xatarli, ammo davolash imkoni yuqori bo‘lgan tuberkulyoz kasalligining tarqalishiga qarshi kurashishdagi muhim hamkorligi va intilishini namoyish etadi.

AQSH hukumati Markaziy Osiyo davlatlari bilan tuberkulyozga qarshi kurashda deyarli o‘ttiz yillik hamkorlikni yuksak qadrlaydi. Bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz aholining sifatli tibbiy yordam xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada yaxshiladi va o‘n yil avval kuzatilgan ko‘rsatkichlarga nisbatan tuberkulyoz bilan kasallanganlar soni va o‘lim darajasining sezilarli kamayishiga olib keldi».

Anjumanda ta’kidlanganidek, silni tugatish strategiyasining maqsadi – 2025 yilga kelib, tuberkulyoz kasalligini 50 foizga, undan o‘lim holatlarini esa 75 foizga kamaytirish (2015 yilga nisbatan). O‘zbekiston Milliy tuberkulyozga qarshi dasturi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining tuberkulyozni tashxislash va davolash bo‘yicha yuqori darajali yig‘ilishining maqsadlariga erishishga qaratilgan bo‘lib, dori-darmonlarga chidamli tuberkulyoz, bolalardagi tuberkulyoz va bu kasallikdan davolanayotgan bemorlarga alohida e’tibor qaratiladi.

– Yurtimizda davlat va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni muvofiqlashtirish natijasida JSST tavsiyalari asosida silga qarshi kurash sohasida o‘ndan ortiq me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi, – dedi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, professor Nargiza Parpiyeva. – Tuberkulyozning barcha shakllari, jumladan, dori-darmonlarga chidamli turlarini davolash bilan qamrab olish darajasi mamlakatimizning barcha hududlarida 100 foizga yetdi. Bu esa sil kasalligidan 90 foiz davolanish darajasiga erishish imkonini berdi. Hozirgi vaqtda Sog‘liqni saqlash vazirligi davolash-profilaktika muassasalari faoliyatida tuberkulyozning tarqalishini erta aniqlash va oldini olish hamda tashxis qo‘yish va davolashning universal imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan profilaktik yo‘nalishning ustuvorligiga alohida e’tibor qaratmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tuberkulyoz kasalligining tarqalishini cheklashda sezilarli yutuqlarga erishganlariga qaramay, uning dori-darmonlarga chidamli shakllari mintaqada yuqori darajada bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, “COVID-19” pandemiyasi vaziyatni yanada murakkablashtirib, bemorlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish imkoniyatlarini pasaytirdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda USAIDning qo‘llab-quvvatlashi bilan tuberkulyoz kasalligiga qarshi Milliy dastur asosidagi sa’y-harakatlar tufayli ko‘plab turdagi dorilarga chidamli tuberkulyoz kasalligini aniqlash vaqtini 90 kundan bir necha soatgacha qisqartirishga erishildi. Bundan tashqari, pandemiyaning tuberkulyoz kasalligi tashxisiga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida tuberkulyoz va “COVID-19″ni bir vaqtning o‘zida tekshirishning yangi tartibi ishlab chiqildi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA