Shu kunlarda Nigeriyaning Abuja shahrida “Inson va biosfera” dasturining xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengashining 33-sessiyasi o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 13 sentyabrida boshlangan kengaytirilgan yig‘ilish va biosfera zahiralari uchun taqdim etilgan nomzod hududlarni ko‘rib chiqish sessiyalari ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov ham onlayn tarzda ishtirok etmoqda.

YUNESKOning butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga qo‘shilish uchun dunyoning bir qator davlatlari o‘z biosfera hududlarini taqdim etgan. E’tiborlisi, taqdim etilgan loyihalar orasida O‘zbekiston tomonidan yuborilgan xujjatlar, turli eksponatlar va taqdimnomalar asosida Quyi Amudaryo davlat biosfera zahirasi hududi YUNESKOning Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy va Amudaryo tumanlarida joylashgan biosfera rezervati bo‘lib, xalq orasida “Baday to‘qay” nomi bilan mashhur bo‘lgan hudud Markaziy Osiyo to‘qaylarining 20 foizi, O‘zbekistondagi barcha to‘qayzorlarning 74 foizini tashkil etadi. Biosfera rezervatining umumiy maydoni 68717,8 gektarni tashkil qiladi. Bu yerdagi o‘simliklarning 419 turidan 2 turi, hayvonlarning 36 turidan 1 turi, baliqlarning 43 turidan 12 turi, qushlarning 246 turidan 23 turi “Qizil kitob”ga kiritilgan.

Bundan tashqari, tabiatning noyob mo‘’jizasi bo‘lgan mazkur maskanda hasharotlarning 1124 turi uchraydi. YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Nigeriyada o‘tkazilayotgan “Inson va biosfera” dasturining xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengashining 33-sessiyasida dunyoning 30 dan oshiq davlat vakillari bevosita ishtirok etayotgan bo‘lsa, 50 ga yaqin mamlakatlarning milliy komissiya mutasaddilari onlayn tarzda qatnashmoqda.

Sessiya ishi ertaga, 17 sentyabr kuni yakunlanadi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA