MDH davlatlari Bola huquqlari bo‘yicha vakillarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Belarus va Armaniston Bolalar ombudsmanlari hamda MDHga a’zo davlatlar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedev ochib berdi. Onlayn uchrashuvda ta’kidlanganidek, ushbu tadbirning o‘tkazilishidan maqsad – bola huquqlarini ta’minlashda MDHga a’zo davlatlarning Bolalar ombudsmanlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda konstruktiv aloqa uchun muloqot platformasini yaratishdir.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova MDHga a’zo davlatlar vakillari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi formati muhim ahamiyatga ega ekanligiga e’tibor qaratdi. “Bugun biz nafaqat davlatlarimiz hududida amalga oshirilayotgan dasturlarni qo‘llab -quvvatlashga qadam qo‘ymoqdamiz, balki, MDHga a’zo davlatlarda bola huquqlarining kafolatlanishida ombudsman institutlari va boshqa inson huquqlari mexanizmlarini birlashtirmoqdamiz. Yillar davomida to‘plangan ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va amaliyotga tadbiq etish yaxshi natija berishi shubhasiz.” dedi Bolalar ombudsmani.

Aliya Yunusova voyaga yetmaganlarni qurolli mojorolar bo‘layotgan hududlardan qaytarish, ularni reintegratsiya qilish, reabilitatsiya qilish va jamiyatga integratsiyalashuvi dasturlari doirasida o‘zaro ta’sir o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ko‘plab davlatlar ushbu muhim vazifani amalga oshirish bilan shug‘ullanmoqda va MDHga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi formati kuchlarni birlashtirishga va bu ish samaradorligini oshirishga imkon beradi.

Shuningdek, bolalar ombudsmanlari ishtirokchilar qaroriga binoan keyingi yig‘ilishlarda ishtirok etish uchun bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi mutaxassislarni jalb qilish hamda bolalarning huquqini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida ekspertlar hamkorligi, tajriba almashish, birgalikda o‘tkaziladigan chora-tadbirlar rejasini tuzish takliflarini bildirdi, bu muhokama uchun tanlangan mavzularni kengroq ochib berishga yordam beradi. Tadbirda ishtirok etgan mamlakatlar vakillari ushbu takliflarni bir ovozdan qo‘llab -quvvatladilar, shuningdek, o‘z davlatlari hududida bolalar huquqlarini himoya qilish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati