O‘rmonlashtirish ishlari olib borilayotgan Orol dengizining qurigan maydonida yovvoyi hayvonlar yashash areali kengaygan va faollashgan.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan mazkur hududda olib borilgan monitoring ishlari tulki, quyon, yovvoyi mushuk, jayron, yumronqoziq, ilon kabi hayvonlarni, qarg‘a, chug‘urchuq, chumchuq kabi qushlarni hamda sayg‘oqlarning izlarini 40-70 km oralig‘ida va yer tagidan chiqayotgan suvlar (artezian) atroflarida o‘sib rivojlanayotgan qamishzorlarda uchratish mumkinligini ko‘rsatdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani inspeksiyasining Bioxilmaxillik va METH masalalari bo‘yicha 1-darajali davlat inspektori Janabay Medetovning ta’kidlashicha, Orol dengizining qurigan tubidagi qumli, kichik va o‘rta barxanli maydonlarda o‘simliklar qoplami ekilgan o‘simliklardan tashqari bir yillik sho‘ra, oqbosh, qamish o‘t o‘simliklari bilan ham qoplangan. Juda kuchli sho‘rlangan yerlarda asosan qorabaroq o‘simligi yaxshi rivojlangan. Qumli va o‘rta barxanlarda saksovul yaxshi rivojlanmoqda.

2018-2019 yillarda mazkur hududda artezian quduqlari qazilgan edi.

Bunday artezian quduqlarini qazib ko‘paytirib, suv bilan ta’min etilsa, o‘simlik va hayvonot dunyosining yanada o‘sib rivojlanishiga va ekologiyaga, atrof muhitga yaxshi ta’sir ko‘rsatib, shu yerlarda qo‘riqxonalar tashkil qilish imkoniyati yaratiladi.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA