Yangi kitob

Ma’lumki, 2020 yil butun insoniyat tarixida jiddiy sinov davri sifatida muhrlandi. 2019 yilda paydo bo‘lgan “COVID-19” kasalligi tezlik bilan kurrai zamin bo‘ylab tarqalib, dunyo aholisini tashvish va sarosimaga solib qo‘ydi.

Ushbu yuqumli xastalik mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan ko‘rsatmalar asosida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish, hududlarda sanitar-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha qisqa muddat ichida kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Ming afsuski, butun dunyo koronavirus pandemiyasi tahlikasida turgan bir vaziyatda, Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol, Sirdaryo viloyatida suv toshqini keltirib chiqargan jiddiy talafotlar el-yurtimizning matonatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.

Ko‘pni ko‘rgan, qiyinchiliklarda toblangan xalqimiz bu ofatlarni ham yorug‘ yuz bilan yengib o‘tdi.

Yaqinda “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan “Ofat va matonat” nomli yangi kitobda murakkab pandemiya sharoitida mamlakatimizda kechgan tarixiy jarayonlar, xususan, davlatimiz va hukumatimiz tomonidan bu ofatga qarshi kurashish maqsadida ishlab chiqilgan tezkor va dolzarb chora-tadbirlar, amalga oshirilgan ezgu va xayrli tashabbuslar, kutilmagan tabiiy va texnogen ofatlarni ulkan mardonalik, sabr va matonat bilan yengib o‘tgan bag‘rikeng va olijanob xalqimizning ezgu fazilatlari haqida hikoya qilinadi.

Yana bir ahamiyatli tomoni, ushbu salmoqli nashr hali dunyo miqyosida davom etayotgan murakkab pandemiya sharoitida barchamizni ogoh bo‘lishga, sinovli kunlardan munosib saboq chiqarib, orttirilgan hayotiy bilim va tajribalardan samarali foydalanishga da’vat etadi.

 

O‘zA