Davlatimiz rahbarining farmoni bilan mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini asrash, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarning o‘ziga xosligini saqlash, rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli ishlari uchun bir guruh yurtdoshlarimiz orden va medallar, «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘ldi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Toshev yig‘ilganlarni Xalqlar do‘stligi kuni bayrami hamda davlatimizning yuksak mukofotlari bilan samimiy muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida jamiyatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishiga alohida to‘xtalib, yurtimizda 30 iyul “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni taklif etdi. Shuningdek “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini ta’sis etish haqidagi tashabbus ham qo‘llab-quvvatlandi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 may kuni qabul qilingan “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni milliy madaniy markazlar faoliyatini davr ruhiga monand tashkil etish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish borasida yangi istiqbollarni ochib berdi.

Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandidek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Yurtimizda 150ta milliy madaniy markaz, 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular turli millat va elatlarga mansub fuqarolarning ezgu qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va an’analari bardavomligini ta’minlash, yosh avlodni millatlararo bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash yӯlida xizmat qilmoqda.

Milliy madaniy markazlar faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun keng sharoitlar yaratish masalasi milliy qonunchiligimizda ham o‘z aksini topgan. Ayni paytda grantlar, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalar orqali ham ularning turli ilg‘or tashabbuslari faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tadbirda orden va medallar, “Xalqlar dӯstligi” kӯkrak nishoni ӯz egalariga tantanali ravishda topshirildi. “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar orasida hamkasbimiz, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha sharhlovchisi D.Abibullayev ham bor. Shuningdek, Orolbӯyida faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlarga esdalik sovg‘alari berildi.

– Davlatimiz rahbarining Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigini barchamiz mamnuniyat bilan eshitdik, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Rus milliy-madaniy markazi raisi Galina Aleksandrovna Zorkina.– Tabrikda ta’kidlanganidek, bizning eng katta boyligimiz – turli millat va konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikdir.

 

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA