O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi o‘z a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab, davlat va xo‘jalik organlarining qarorlari, mansabdor shaxslarning hatti-harakati ustidan sudga da’vo arizlari taqdim etmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida ham fermer, dehqon xo‘jalikalari va tomorqa yer egalarining huquqlarini himoya qilish, fermer xo‘jaliklarining manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatida paydo bo‘layotgan muammolarni o‘rganish va bartaraf qilish doimiy e’tiborda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida tuman bo‘yicha huquqlari buzilgan fermer xo‘jaliklarini himoya qilish maqsadida tegishli sudlarda 10 ta da’vo arizasi kiritilgan bo‘lib, ular iqtisodiy sud tomonidan qanoatlantirilib, fermerlarning pul mablag‘lari undirilib berildi.

Iqtisodiy sudlarga kiritilayotgan da’vo arizalari shuni ko‘rsatadiki, fermerlar bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan shartnomaviy majburiyatlarni bajarmagan tashkilotlar va tadbirkorlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Birgina To‘rtko‘l tumanida 2021 yilda yetishtirilgan bug‘doy mahsuloti uchun klasterlardan 579138 805 million so‘m fermer xo‘jaliklariga undirib berildi. To‘rtko‘l tumanida faoliyat yuritayotgan “Issoq bobo” fermer xo‘jaligi “To‘rtko‘l tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi” bilan yuk tashish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga asosan uch yuz yetmish sakkiz million so‘mlik xizmat ko‘rsatgan bo‘lsada, mablag‘ to‘lab berilmagan. Natijada Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan da’vo arizasiga ko‘ra sud qarori bilan fermerga asosiy karzdorlik va 34 480 204 so‘m jarima undirib berildi. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

“Jayxun G‘alla” fermer xo‘jaligi “To‘rtko‘l Non Agroklaster” MCHJ ga bug‘doy topshirgan bo‘lsada, korxona mablag‘ni o‘z vaqtida to‘lab bermagan. “Ray na Zemle” fermer xo‘jaligi “To‘rtko‘l Non Agroklaster” MCHJga bug‘doy topshirib, mablag‘ini ololmagan. Iqtisodiy sudga kiritilgan da’vo arzasiga ko‘ra, mulkdorlarning asosiy mablag‘lari va to‘lovning kechikkani uchun jarimalar undirib berildi.

Ayrim hollarda fermerlar o‘rtasida o‘zaro tuzilgan shartnomalarning ham bajarilmasligi kuzatilmoqda. “Mavlonbek-Ravshanbek” fermer xo‘jaligi “Bunyodbek Xushnudbek Diana” fermer xo‘jaligi bilan “Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchilarga xizmatlar ko‘rsatish va mexanizatsiya yordamida ishlar bajarish yuzasidan” shartnoma tuzgan. Unga ko‘ra, “Bunyodbek Xushnudbek Diana” fermer xo‘jaligi paxta maydonlarini tekislab bergan bo‘lsada, mablag‘ni o‘z vaqtida to‘lab bermaganligi yuzasidan shikoyat bilan murojaat qildi. Shunda Beruniy tumanlararo Iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritilib, hal qiluv qarori bilan 7200000 ming so‘m fermer xo‘jaligi foydasiga undirildi.

Fermerlarning huquq va manfaatlarini o‘z vaqtida himoya qilish maqsadida fermer xo‘jaliklarida yerga oid va ko‘p tarmoqli reyestrini shakllantirish yuzasidan huquqiy savodxonlik ushrashuvlari o‘tkazilmoqda. Maslahatlar doimiy tarzda berib borilmoqda. Ayni vaqtda jarayonlarni yanada jadallashtirish hamda fermer xo‘jaliklarining muammolarini tezda aniqlash, o‘z vaqtida yordam berish uchun tuman fermerlar kengashining telegramm kanali ochildi. Maqsadimiz – har bir insonning haq-huquqlarini himoyalash va adolatni ta’minlashdan iborat.

 

 I.Rajapbayeva,  

To‘rtko‘l tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi.