O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “O‘zbekistonda volontyorlik faoliyatiga oid amalga oshirilayotgan ishlar va yangi rejalar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, volontyorlik guruhlari, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Rossiya Federatsiyasidagi Volontyorlik markazlari assotsiatsiyasi vakillari, blogerlar va ommaviy axborot  vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini rivojlantirishga oid amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Xususan, yoshlar o‘rtasida volontyorlikni rivojlantirishning yaxlit mexanizmi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Yoshlar markazlari”da “Volontyorlar maktablari” infratuzilmasi joriy etilganligi borasida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning may oyida mazkur maktabning respublika bo‘yicha 110 nafar mentor-treneri tayyorlandi. Hozir ushbu mentorlar 813 nafar volontyor yoshga tasdiqlangan 3 oylik kalendar-reja asosida seminar-treninglar o‘tib, ijtimoiy ahamiyatga ega turli loyihalarni amalga oshirmoqda.

“Volontyorlar maktabi”ga a’zo bo‘lish istagini bildirib 2 mingdan ziyod yosh elektron ro‘yxatdan o‘tgan va hozirgi vaqtda ham ro‘yxatga olish ishlari davom etmoqda. Mazkur maktabni muvafaqqiyatli tamomlagan, volontyorlik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan 600 nafardan ziyod yoshga Agentlik tomonidan ID-kartalar topshirish rejalashtirilmoqda.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yoshlar ittifoqi va Volontyorlar assotsiatsiyasining qo‘shma qaroriga muvofiq, 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 28 ta oliy ta’lim muassasasida  “Volontyorlik markazlari”ning infratuzilmasi shakllantiriladi va faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

–Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va volontyorlik faoliyati samaradorligini oshirishga oid brend loyihalar va zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, –dedi Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati rahbari Nodirjon Abduqodirov. –Jumladan, joriy yilning 10 iyul kunidan boshlab “Yil volontyori – 2021” xalqaro tanloviga arizalarni @yilvolontyoribot telegram boti orqali qabul qilish jarayoni boshlandi. Avgust oyida soha mutaxassislari va xorijiy ekspertlar jalb etilgan holda volontyorlar uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanma tayyorlanib, 15 ming nusxada chop etiladi hamda barcha vazirlik va idoralar, ta’lim muassasalari va volontyorlar jamoalariga yetkaziladi.

Volontyorlikning mazmun-mohiyati, volontyorlik faoliyatini amalga oshirish tartibini yoshlarga sodda tilda aks ettirgan internet foydalanuvchilari tomonidan eng ko‘p ko‘rilgan videoroliklar va videodarslar o‘zbek tiliga tarjima qilinadi, shuningdek, yangi media mahsulotlar yaratiladi. Bu maqsadda BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan 22 ming AQSH dollari ajratiladi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA