Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasi va unda belgilangan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yil 29 iyuldagi «Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Bu Orol dengizining qurishi bilan atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy oqibatlarga qarshi  kurashish, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, mintaqada yashovchi aholi bandligini ta’minlash orqali ularning turmush sharoiti yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Mazkur rezolyutsiyaning ahamiyati, uning ijrosini ta’minlash yuzasidan dolzarb vazifalar va kelgusida rejalar to‘g‘risida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek MIRZAMURATOV bilan suhbatlashdi.

– Suhbatimizni mazkur rezolyutsiya va davlatimiz rahbari qarorining ahamiyati bilan boshlasak.

– Maxsus rezolyutsiya bizga Orol fojiasiga qarshi kurashish uchun nafaqat Orol dengizi havzasi davlatlari, balki butun dunyo mamlakatlarining diqqati va kuchlarini birlashtirish imkonini beradi, – deydi Nurlibek Mirzamuratov. – Qarorning mazmun mohiyati shundan iboratki, Orol fojiasi salbiy oqibatlarini kamaytirish va bartaraf etish uchun biz qarashlarimizni tubdan o‘zgartirishimiz, eski usullardan voz kechib, yangi innovatsion yondashuvlarni, ekologik inqirozning salbiy oqibatlarini kamaytirishning yangi mexanizmlarini joriy etishimiz lozim. Innovatsiyalarni joriy etish bizga, Orolbo‘yiga investitsiyalarni jalb qilish va Orol dengizi inqirozining oqibatlarini bartaraf etish, Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, cho‘llanish va ekologik migratsiyani oldini olish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa tadbirlarni amalga oshirishga keng imkoniyatlarni ochib beradi. Davlatimiz rahbarining qarorida esa, Orolbo‘yi mintaqasida ko‘pgina ijobiy ishlarni amalga oshirish, innovatsion yondoshuvlarni va ishlanmalarni joriy etish nazarda tutilgan.

– Mazkur qarorning ijrosini ta’mishlash bo‘yicha vazifalarga to‘xtalib o‘tsangiz?

– Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaziga bir qator dolzarb vazifalar yuklatildi. Jumladan, markaz huzurida o‘simliklar urug‘lari genbanki bilan ta’minlangan laboratoriya, biznes-akselerator o‘quv markazi ochilishini ta’minlash, Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan «My garden in the Aral sea» loyihasini kengaytirish, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamkorlikda 2021 yil noyabr oyida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani tashkil qilish va o‘tkazish belgilangan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida tuproqostidan sug‘orish yangi innovatsion tizimini, «Orolbo‘yini rivojlantirish buyicha eng ilg‘or innovatsiya va texnologiyani joriy etgani uchun» maxsus nominatsiyasini joriy etish, markazning Nukus tumanidagi «Samanbay» ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasida qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli o‘simliklar bo‘yicha tajriba maydoni va laboratoriya ishlarini tashkil etish kabi vazifalar belgilab berildi.

– Orol dengizi mintaqasidagi ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish borasida markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi yangi loyihalar to‘g‘risida ma’lumot bersangiz…

– Ilmiy tadqiqotlar olib borish va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator xalqaro, mahalliy tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan do‘stona sheriklik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, 40 dan ortiq xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Nukus tumani hududidan idora, laboratoriya, zamonaviy mehmonxona qurilishi va ilmiy-tadqiqot tajribalarini olib borish maqsadida doimiy foydalanish huquqi bilan 24,34 ga yer maydoni ajratib berildi. Hozirgi kunda ushbu Samanbay uchastkasida hudud iqlimiga moslashgan 51 xildagi 53 ming dona daraxt ko‘chati parvarish qilinib, sinovdan o‘tkazilmoqda.

ICBA xalqaro markazi loyihasi doirasida turli mamlakatlardan keltirilgan kinoa o‘simligining 5 ta namunasi, 1 ta amarant o‘simligi namunasi, bufel o‘ti, ko‘k tariq, 10 ta donli jo‘xori namunalarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tadqiqotlar olib borildi. Mahalliy yovvoyi o‘simliklar florasi (tuya tikan, shirin qizilmiya) vakillarini madaniylashtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.

Orol dengizi mintaqasiga moslashgan o‘simliklarning sanoat plantatsiyalarini yaratishda foydalanish uchun Tottori universiteti (Yaponiya) va O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda yog‘ochli daraxtlarning tez o‘sadigan, jumladan, jiyda, aylant, Kanada toli va pavloniya kabi turlarini tanlab olish bo‘yicha tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, bahorgi bug‘doy, jo‘xori, makkajo‘xori, tritikale, aspir, moyli zig‘ir, afrika tarig‘i, beda, soya, mosh va boshqa o‘simliklarning turli xil namunalarida ekologik sinovlar o‘tkazilmoqda. Yaylovlarni rivojlantirish maqsadlarida foydalanish uchun yem-xashak o‘simliklardan esparset, donnik, raygras, xashaki lavlagi, ko‘p yillik jo‘xori, dorivor o‘simliklardan qizil shirinmiya, topinambur va boshqa o‘simliklar sinov tariqasida parvarish qilinmoqda. Induksiya qilingan turlardan, saxalin grechixasi, silfium, turkman malinasi, arundo, aleppo jo‘xorisi va texnik ekinlardan djut, kenaf, krotolyariya, kunjut, saflor kabi o‘simliklarni fenologik kuzatuv ishlari yuritilmoqda.

ICBA xalqaro markazi (BAA) moliyaviy ko‘magida Orol dengizining qurigan tubidan 10 xildan ortiq tuproq tiplarini bir joyga to‘plash va ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida lizimetrik tadqiqot maydonchasi barpo etildi va tuproqlar olib kelinib, tadqiqot ishlari boshlandi. Lizimetrlarda o‘tkaziladigan tadqiqotlar natijasida tuproq aeratsiya qatlamining suv va tuzlar muvozanati bo‘yicha sonli qiymatlargina emas, balki juda katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan turli qimmatli ma’lumotlar to‘planadi.

Mo‘ynoq tumani hududidan ajratilgan 20,3 ga yerning 14,7 gektarida sho‘r va qurg‘oqchilikka chidamli, keng bargli, buta hamda moyli o‘simliklardan iborat jami 13 turdagi o‘simlikning urug‘lari, ko‘chati va qalamchasi ekilib, yaxshi natijaga erishildi. Hozirgi kunda uchastkada ilmiy-tadqiqot maqsadlari uchun 26 xildagi 25695 dona daraxt ko‘chati parvarish qilinmoqda.

Kanada mahalliy tashabbuslar fondining (CFLI) moliyaviy ko‘magida “Orolbo‘yi aholisining atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalari bo‘yicha xabardorligini ommaviy axborot vositalari yordamida oshirish” loyihasi amalga oshirildi. Loyihani amalga oshirish natijasida Orol dengizi havzasida 1 milliondan ortiq aholining iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi xabardorligi sezilarli darajada oshishiga erishildi.

“Oroldagi mening bog‘im” (My garden in the Aral Sea) agro-ekoturizm loyihasi ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy maqsadi, chet ellik sayyohlar va mahalliy aholining Orol dengizi muammosiga befarq bo‘lmasdan, uning oqibatlarini bartaraf etishga, ya’ni Orolbo‘yini ko‘kalamzorlashtirish ishlariga o‘z ulushini qo‘shishga va shu yo‘l bilan aholining turmush darajasini ko‘tarishga chorlash hisoblanadi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida O‘zbekistonda ilk bor aholi tomonidan ko‘kalamzorlashtirish loyihasi va kraudfanding (aholi tomonidan moliyalashtirish) platformasi yaratildi. Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan loyiha 488 million so‘mga moliyalashtirildi. Loyiha uchun “Mo‘ynoq” tajriba-ishlab chiqarish uchastkasida 1,8 gektar maydon ajratilib, bugungi kunga qadar 15 turdagi jami 2972 ta daraxt ko‘chati ekildi. Bundan tashqari, loyiha doirasida Orol dengizining qurigan tubida ajratilgan 42 gektar maydonda 42 ming tup saksovul, qandim va teresken ko‘chati o‘tqazildi. 2021 yilda Mo‘ynoq hokimligi tomonidan loyihani kengaytirish uchun 30,4 gektar yer maydoni ajratildi. Ayni paytda ushbu maydonlarda dekorativ bog‘ yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining strategik yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida Islom taraqqiyot banki tomonidan 275 ming AQSH dollari miqdorida “Texnik ko‘mak ko‘rsatish” loyihasi moliyalashtirilib, loyiha ijrochisi «KPMG Audit» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi faoliyatini rivojlantirish, uning 5 yillik strategiyasini ishlab chiqish tadbirlari bajarilmoqda. Rossiya Federatsiyasining I.M.Gubkin nomidagi davlat universiteti bilan hamkorlikda yangi biopreparat-tuproq modifikatori “Samanbay” uchastkasida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Joriy yilda O‘zbekistondagi YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda ImkonLab (UPSHIFT) – ijtimoiy innovatsiyalar va ijtimoiy tadbirkorlik uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturini amalga oshirish boshlandi. Ushbu dasturni amalga oshirish natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot tumanlari yoshlariga startap loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha yangi kasbiy mahorat va ko‘nikmalarni egallashga yordam beriladi. Shuningdek dastur doirasida yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan eng yaxshi kichik hajmdagi startap loyihalari YUNISEF tashkiloti tomonidan moliyalashtiriladi.

Kioto universiteti bilan imzolangan memorandum doirasida bir guruh yaponiyalik olimlar tomonidan Mo‘ynoq tajriba uchastkasida kichik meteostansiya o‘rnatildi. Hozirgi kunda undan muntazam ravishda ma’lumotlar olinib, tahlil qilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, “Samanbay” uchastkasida daraxt va boshqa ekinlarni joylashtirish bo‘yicha bir qator ibratli ishlar amalga oshirildi. ICBA xalqaro markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi moliyaviy ko‘magida 19 tur laboratoriya o‘lchash vositasi va asboblari sotib olindi, shuningdek yomg‘ir chuvalchangi yordamida vermikompost tayyorlash tajribasi o‘tkazilmoqda.

– Markaz tomonidan yaqin kelajakda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalarga to‘xtalib o‘tsangiz?

– Bu borada bir qator ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, Germaniyaning xalqaro hamkorlik hamjamiyatiga (GIZ) qiymati 249 ming YeVRO bo‘lgan «Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tadqiqotchilarining imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi taklif etilib, GIZ tomonidan birinchi bosqichda ma’qullandi. Hozirgi kunda Germaniyalik hamkorlar tomonidan loyihani moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Loyihani 2021 yilda amalga oshirish kutilmoqda.

Shveysariyaning notijorat “LATMA-ADED” uyushmasi moliyaviy ko‘magida Mo‘ynoq tumani “Tik o‘zyak” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 250 nafar o‘quvchiga ega 7-sonli o‘rta maktab uchun suvni chuchuklashtiruvchi stansiya qurib berish loyihasini 2021 yilning sentyabr oyida amalga oshirishni boshlash rejalashtirildi. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng Orolbo‘yi hududidagi boshqa maktablarni ham toza ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalarini amalga oshirish belgilab olindi va bu borada o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

2020 yilda, “SATREPS-2020” tanlovida ma’qullangan “Orolbo‘yida tuproqning sho‘rlanishiga kurashish va yer unumdorligini va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish uchun yangi texnologiyalarni ishlab chiqish” loyihasini yaponiyalik hamkorlar bilan 2021 yilda amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarlik tadbirlari boshlandi. Tunis davlatining Chahbani Technologies (CHAHTECH SA) kompaniyasi olimlari bilan hamkorlikda yangi innovatsion tuproq ostidan sug‘orish irrigatsiya tizimini joriy etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Loyiha O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturiga taqdim etilib, maqullandi va amalga oshirish boshlandi.

Xitoy Fanlar Akademiyasiga qarashli Sinszyan Ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlik memorandumi doirasida 2021 yilda Orol dengizi mintaqasida suv tanqisligiga moslashish, dengizning qurigan tubida cho‘l o‘simliklaridan iborat o‘rmonzorlar barpo etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishga ixtisoslashgan laboratoriya tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda xitoylik hamkorlar tomonidan laboratoriya uskunalari, mexanizmlar, kichik texnikalar va kerakli inventarlar xarid qilinib, O‘zbekistonga jo‘natishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xitoylik mutaxassislar tomonidan markazning Samanbay va Mo‘ynoq ilmiy-ishlab chiqarish uchastkalarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek kichik meteostansiya o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.

 

Joriy yilning fevral oyi boshida Global yashil o‘sish instituti (GGGI, Janubiy Koreya) boshchiligidagi Orol dengizi loyihasi (“Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun ekologik reabilitatsiya investitsiya loyihasi”, 5,6 million AQSH dollari, 3 yil), Koreya hukumati tomonidan ma’qullandi va GGGI uni joriy yilning avgust oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va boshqa tegishli vazirliklar, qo‘mitalar tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirishni boshlash ko‘zda tutilgan. Loyiha Orol dengizi ekologik inqirozidan O‘zbekistondagi atrof-muhitni tiklashga yordam berish va eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardagi aholi uchun tabiiy ofatlarga bardosh berib yashashni ta’minlash uchun hayotiy choralar ishlab chiqishga qaratilgan.

 

Hozirgi kunda Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan qishloq va suv xo‘jaligi sohasiga, shuningdek ilmiy-tadqiqotlar, ekologiya va turizm yo‘nalishiga innovatsion usullarni tadbiq etish uchun hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha xorijiy davlatlarning tegishli tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, markazning mahalliy va xorijiy hamkorlari bilan sheriklik munosabatlari albatta ijodiy yutuqlarning yangi cho‘qqilariga chiqadi va hamkorlikdagi sa’y-harakatlar tufayli Xalqaro innovatsiya markazi Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish uchun yagona platformaga aylanadi.

 

O‘zA muxbiri Dovud Abibullayev suhbatlashdi.