Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida 102 avtomatlashtirilgan ro‘yxatga olish markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor A.Ikramov va boshqalar mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, har qanday jinoyat va qonunbuzarlikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Ichki ishlar organlarining faoliyatini takomillashtirish, tizimda zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy qilish, xalqchil va ochiq, mobil va ixcham tuzilmalarni shakllantirish, soha xodimlarining ma’naviy qiyofasi, jamiyatimizdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohada markazlashgan 102 avtomatlashtirilgan axborot tizimining yo‘lga quyilishi ham ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, aholi xavfsizligini ta’minlash, jinoyat va qonunbuzarlikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlarni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmatining ӮzA muxbiriga ma’lum qilishicha, 102 markazlashgan tizim bo‘lib, fuqarolarning murojaatlarini, voqea hodisalar haqidagi qo‘ng‘iroqlarini qabul qiladi va bunga tezkorlik bilan munosabat bildiradi. Bu yerda eng so‘nggi innovatsion texnika va texnologiyalar joriy qilinib, bunda aloqa vositalaridan tortib, hududlarni nazorat qilish uchun maxsus kuzatuv kameralarigacha mana shu joyda nazoratga olinadi. Tizimga navbatchi operatorlar biriktirilgan bo‘lib, aholi murojaatlarini kunu-tun qabul qilib, ularga munosib tarzda javob qaytaradi. Shu orqali Orolbӯyi hududida kriminogen vaziyatlar barqarorligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish imkonini beradi.

Tadbir ishtirokchilari tizimning faoliyati bilan yaqindan tanishtirilib, uning qulayliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA