Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, fuqarolarning ortiqcha ovora bo‘lishining oldini olish va byurokratik holatlarni bartaraf etish borasida 2021 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga 576 mingdan ziyod davlat xizmati ko‘rsatilgan. Bu raqamlarning o‘zi aholi bilan tadbirkorlik sub’ektlarini davlat xizmatlariga bo‘lgan talabining yildan-yilga ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 7302 tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Mobil davlat xizmatlari” yo‘lga qo‘yilib, 39 mingdan ziyod sayyor xizmat ko‘rsatilgan.

Prezidentimizning 2020 yil 31 yanvardagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, tuman va shahar markazlaridan olis bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimizga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida va ularning ehtiyojlaridan kelib chiqib, Qo‘ng‘irot tumani markazidan 350 kilometr olisda joylashgan «Qoraqalpog‘iston», 180 kilometr olisda joylashgan «Jasliq» shaharcha fuqarolar yig‘inlarida, o‘tgan yili To‘rtko‘l tumanidagi «Yonboshqal’a», Ellikqal’a tumanidagi “Sarabiy”, Mo‘ynoq tumanidagi «Qozoqdaryo», Beruniy tumanidagi Abay ovul fuqarolar yig‘inlarida, joriy yilda Sho‘manoy tumanidagi “Qorabayli” ovul fuqarolar yig‘inida davlat xizmatlari markazlari filiali tashkil etildi.

bugungi kunda Amudaryo, Beruniy, Mo‘ynoq, Chimboy, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Chimboy tumanlarida davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolari foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, To‘rtko‘l, Taxiatosh va Qorao‘zak tumanlarida qurilish ishlari olib borilib, joriy yilning oxiriga foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Boshqarma tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi organlar tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida 1326 ta qonunbuzilishi holati aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan vakolatli idoralarga 9 ta taqdimnoma, yuzta ogohnoma kiritildi, 69 nafar mansabdor shaxs ma’muriy, 8 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan Davlat xizmatlari agentligi, uning joylardagi boshqarmalari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati yildan-yilga yaxshilanib, tezkorlik va shaffofligini ta’minlashga, eng asosiysi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining qimmatli vaqtlari tejalishiga xizmat qilmoqda.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA