Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

2021 yilning 6 oyi mobaynida respublikada jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash borasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, 2021 yil 6 oyda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,3 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 1 ming 833 nafar shaxs ushlangan. Bedarak yo‘qolgan 218 nafar shaxs topilgan. Ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan mazkur davrda 15 ming 434 ta jinoyat aniqlangan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda. Jumladan, 2021 yil 6 oyida oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan jinoyatlarning 77 tasi qotillik, 798 tasi tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlardir.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 9 ming 575 ta  oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, ya’ni 70 foizi Toshkent shahar, Toshkent, Farg‘ona,  Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 2021 yilning birinchi yarmida 3 236 nafar xotin-qiz tomonidan 1 163 ta  jinoyat sodir etilgan.

Bundan tashqari, respublika hududida sodir etilgan yo‘l transport hodisalarining oldini olish ishlari ham to‘g‘ri tashkil etilmagan. Mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash va ulardan imtihon olish tartibi bilan bog‘liq muammolar mavjud.

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi “Yo‘l harakati qoidalari”ni ham takomillashtirish taqozo etiladi. Mazkur qoidalardagi ba’zi bandlarning o‘rni almashtirib yuborilgani oqibatida tegishli bandlardagi havolalar mutlaqo boshqa bandlarga taalluqli bo‘lib qolmoqda. Test savollari imtihon biletlaridagi yo‘l harakati qoidalariga zid yoki ma’naviy, texnik eskirgan.

Buning natijasida esa sifatsiz ta’lim olgan haydovchilar tomonidan yo‘l-transport hodisalari sodir etilmoqda.

Bundan tashqari, avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli Respublika bo‘yicha 2021 yilning o‘tgan 6 oyi davomida jami 3,5 millionga yaqin yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etilgan. Natijada 3 ming 754 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 3 ming 170 nafar fuqaro jarohatlangan va 954 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Eng achinarlisi, ushbu YTXHlarda 458 nafar bola jarohatlangan va 104 nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘lgan.

Ushbu raqamlarni 2020 yilning olti oyi bilan solishtiradigan bo‘lsak, jami yo‘l-transport xodisalari soni 57,2 foizga, ulardan halok bo‘lganlar 30,5 foizga, jarohatlanganlar esa 38,1 foizga ortgan.

Bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari esa 2020 yilning olti oyiga nisbatan 40,8 foiz, jarohatlanganlar 44,9 foiz, halok bo‘lganlar esa 33,3 foizga ko‘paygan.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA