Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi o‘rinbosari B.Qtaybekov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi vazifasini bajaruvchi A.Nurlipesov tomonidan Amudaryo tumanidagi Chordara, Yangiobod, Jumurtov, Jumur ovul, To‘lqin mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholi uchun sayyor qabul o‘tkazildi.

Unda mas’ullar fuqarolarning sud-huquq masalalariga oid murojaatlarini tingladi. Jumladan, Jumurtov ovulida yashovchi Xamida Qozoqboyeva aliment undirish masalasida amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qildi. Unga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudiga murojaat qilish tartibi tushuntirildi. Chordara mahallasida istiqomat qiladigan Bahodir Qӯchqarov turar joyga merosxo‘r deb topishga amaliy yordam berishni so‘radi. Unga ham ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qilish tartibi tushuntirildi.

Shuningdek, Yangiobod mahallasida yashovchi Karima Abdullayeva o‘ziga pensiya tayinlanishida nogiron farzandini parvarish qilish davrini mehnat stajiga kiritishga amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qildi. Ma’sullar unga ayni masalada qayerga murojaat qilishi kerakligi to‘g‘risida huquqiy tushuncha berdi.

Sayyor qabul jarayonida 7 nafar fuqaroning murojaati o‘rganilib, ularga tegishli tartibda huquqiy tushuncha va maslahat berildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA