Bu to‘lov qaysi shartlar asosida yoki qanday toifadagi xotin-qizlar uchun qo‘llaniladi?

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining 2021 yil 19 iyuldagi maxsus qarori asosida oliy o‘quv yurtlarida shartnoma asosida tahsil olayotgan ota-onasidan yoki ularning biridan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar va boquvchisidan ayrilgan yolg‘iz xotin-qizlarga bir yillik shartnoma to‘lovlari to‘lab berilishi belgilandi.

Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur qarorda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz rahbarligida kam ta’minlangan oilalarni, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning muammolarini bartaraf etish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz raisligida 2021 yil 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan xotin-qizlar muammolarini hal qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat organlarining mas’uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor majlisida ota-onasidan yoki ularning biridan ayrilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar va boquvchisidan ayrilgan yolg‘iz xotin-qizlarning bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorini to‘lab berish vazifasi belgilab berilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, shahar va tumanlardan oliy o‘quv yurtlarida shartnoma asosida tahsil olayotgan 100 nafar talaba – ota-onasidan yoki ularning biridan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar va boquvchisidan ayrilgan yolg‘iz xotin-qizlarga 2021/2022 o‘quv yili uchun bir yillik shartnoma to‘lovlari to‘lab beriladi. Buning uchun zarur bo‘lgan 640 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, shartnoma to‘lovlarining to‘liq to‘lab berilishini ta’minlash va ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilish bo‘yicha tegishli vazirlik va oliy o‘quv yurtlariga vazifalar berildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA