OTMlarga hujjat qabul qilish nihoyasiga yetishiga ikki kun vaqt qoldi. So‘nggi yillarda o‘qituvchilar nufuzini oshirishga e’tibor kuchayganligi sabab, yoshlar orasida pedagog bo‘lishni xohlaganlari nisbatan ko‘p. Buni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga hujjat topshirgan abituriyentlar sonidan ham bilsak bo‘ladi. Ushbu universitet hujjatlar qabuli jarayonida birinchi uchlikdan pasga tushmadi.

Biz ushbu dargoh atrofidagi yoshlarning fikrlarini tingladik. Zero, hujjat topshirishga ulgurmagan abituriyentlar bo‘lsa, ushbu fikrlar foyda keltirishi mumkin.

Nodira Komilova (abituriyent):

– Bolalik paytlarimda televizor ko‘rib o‘tirganimizda, televizor burchagida surdotarjimonlar bo‘lardi. Bu holat juda qiziq tuyulardi va qaysidir ma’noda men ham kelajakda shu kasbni tanlashni xohlardim.

Yillar o‘tdi, bu yo‘nalish haqida qiziqishni boshladim. Ushbu yo‘nalishning eshitish qobiliyatini yo‘qotgan bolalarni maxsus o‘qitish va tarbiyalash masalalari bilan bog‘liq ekanligini o‘rgana boshladim.

Hozir abituriyentman, mazkur yo‘nalishi bor oliy ta’lim muassasalarini izladim. Bu mutaxassislik TDPU Surdopedagogika yo‘nalishida bor ekan. Shu yerga hujjatlarimni topshirdim va albatta kelajakda talaba bo‘lib, surdotarjimonlik bo‘yicha eng yaxshi mutaxassis bo‘laman.

Otabek Sobitov,  TDPU talabasi:

– Men kuchli psixolog bo‘lishni xohlaganman. Bunda maktabda o‘quvchilar bilan ishlash, ularga psixologik yordam berishni niyat qilganman. O‘tgan o‘quv yilida TDPUning Amaliy psixologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Bu yerda psixologiyani jiddiy o‘rganishga kirishdim. O‘qituvchilardan yetarli bilimlarni olishni boshladim. Bugun shu sohani tanlaganimdan xursandman. Mana, hozirgina bu o‘quv yili uchun ukam ham shu yo‘nalishga hujjat topshirdi. Biz kelajakda, albatta, TDPUni tamomlab, kuchli psixolog bo‘lamiz.

Lazizbek Saidov (abituriyent):

– Bu yil TDPUda yangi Musiqiy ta’lim fakulteti tashkil etilganligini eshitib keldim. Bu yerda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Jenisbek Piazov ham dars berar ekan. Shu yerga hujjatlarimni topshirdim. Kelajakda eng yetuk mutaxassislardan dars olib, o‘quvchilarga musiqa fanidan dars berishni maqsad qilganman. Albatta ushbu dargohga o‘qishga qabul qilinsam, yangi musiqalarni bastalab, o‘qituvchilardan bo‘lajak pedagog sifatida bor bilimlarni olaman.

Nazarbek Olimov (abituriyent):

– Maktabda o‘qib yurganimda kimyo fanidan olimpiadaga qatnashardim. Natijalarim har yili har xil bo‘lardi. Lekin maqsadim Kimyo sohasida yetuk pedagog olim bo‘lish edi. Hujjatlarimni TDPUning Kimyo yo‘nalishiga topshirdim. Bu dargohga mehrim tushishining yana bir sababi QVZ ko‘rik tanlovida universitet jamoasining o‘yinlari menga yoqqan edi. O‘qishga kirsam albatta bu yerda sohadagi eng zarur bilim va tajribalarni o‘rganaman.

Nasiba Sobirova (abituriyent):

– Boshlang‘ich ta’limda menga dars bergan o‘qituvchim asosiy e’tiborni – bizda tafakkur qilishni kengaytirish va erkin fikrlay olishga qaratgan edi. Ularning dars o‘tish metodi kuchliligi sababli, menda shu o‘qituvchimga o‘xshash istagi paydo bo‘lgan. Qaysi OTMda eng yaxshi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi mutaxassisi tayyorlanishiga qiziqdim. So‘radim, izlandim. Natijada TDPUning Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishini tanladim. U yerga hujjatlarimni topshirdim. Ushbu universitetni tanlashimga asosiy sabab, mening boshlang‘ichdagi o‘qituvchim ham shu dargohda o‘qigan va bu dargohda bugungi kunda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda darslar tashkil etilib, zarur metodlardan foydalanishga e’tibor qaratilar ekan.

Yuqorida yoshlarning fikrlaridan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimidagi islohotlar oliy ma’lumotli malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Xususan, qabul kvotalarining oshishi va imtihonlarning shaffofligi orqali istalgan OTMga kirish imkoniyatining mavjudligi fikrimizning dalilidir.

 

O‘zA