O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan tashkil qilingan grant tanlovida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining ijrosi yuzasidan joylarda jamoatchilik nazoratini ta’minlash” loyihasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan edi.

Nukusda mazkur loyihaning maqsad va vazifalari, ahamiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, loyiha rahbari K.Reymov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining mas’ul xodimi T.Yusupov bugungi kunda Orolbo‘yida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, ularning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, mablag‘larning maqsadli sarflanishi bilan bir qatorda joylarda uchrayotgan kamchiliklar, ularni bartaraf etishda jamoatchilik nazoratini ta’minlash kabi masalalar xususida atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yanada yuksaltirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligi va real daromadlarini oshirib borish, aholi ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy himoya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish va shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish dolzarb vazifa hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, hududlarda bo‘layotgan o‘zgarish va rivojlanishlarda aholi faolligini oshirish kabi muhim yo‘nalishni o‘zida jamlagan mazkur grand tanlovi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi har bir tuman va Nukus shahridan 2 tadan mahalla va qishloqlar mazkur dasturga kiritilib, jami 34 ta o‘rinda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Loyiha doirasida dasturlarning bajarilish jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish va samaradorlikka erishish maqsadida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi jurnalistlar nigohida” mavzusidagi tanlov e’lon qilinib, g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishi belgilangan.

– Loyihadan ko‘zlangan maqsad, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarning amalga oshirilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bunda jurnalistlarning faolligini oshirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, loyiha rahbari Kengesboy Reymov. – Eng muhimi, loyiha doirasida bildirilgan taklif va mulohazalar tegishli mutasaddi tashkilotlarga yozma ravishda taqdim etib boriladi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA