Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan eksport va import operatsiyalarining qisqa fursatlarda samarali amalga oshirilib, yurtimiz tashqi savdo aylanmasi hajmining ortishi yo‘lida ham qator chora-tadbirlar bajarilmoqda.

Jumladan, joriy yilning birinchi yarmi davomida davlat byudjetiga bojxona to‘lovlaridan 154 milliard 102 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘i o‘tkazilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 38,8 foizga oshgan.

Hududning tashqi savdo aylanmasi hisobot davrida 318,5 million AQSH dollarini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 32,2 foizga ko‘paygan.

Bugun mamlakatimizda eksportni rag‘batlantirish, importni optimallashtirish borasida amalga oshirilayotgan oqilona siyosat natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi orqali tashqi va ichki bozorlarga yo‘naltirilgan jami tovarlarning 71,4 foizi eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 28,6 foiz mahsulotlar yurtimiz hududida erkin muomalaga chiqarilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Axborot xizmatining O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, hududning eksportbop mahsulotlari hisoblanuvchi plastmassadan yasalgan buyumlar (polietilen), ip-kalava, farmatsevtika, kimyo-sanoati mahsulotlari, tirik hayvonlar va qishloq xo‘jalik mahsulotlari asosan, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Latviya va Ukraina bozorlariga yo‘naltirilgan.

Import tovarlarning asosiy bo‘lagi Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Shvetsiya, Koreya, Turkiya, Germaniya davlatlaridan olib kelingan dastgoh va asbob-uskunalar, kimyo-sanoati, oziq-ovqat, neft va neft mahsulotlari hamda yog‘och va taxta mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bugun mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirishlari uchun sharoit yaratish maqsadida imtiyozlar taqdim etish uslubi joriy etilgan. Bu esa o‘z o‘rnida tadbirkorlik sub’ektlarining bojxona to‘lovlaridan tejalgan mablag‘larini mahsulot ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirib, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratmoqda.

Boshqarma tomonidan tegishli qonunchilik hujjatlari talablari asosida tadbirkorlik sub’ektlariga joriy yil boshidan bojxona to‘lovlaridan 89,6 milliard so‘m miqdorida imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilgan.

Xavfni boshqarish tizimi asosida boshqarmaga qarashli tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tomonidan hisobot davriga olingan yanvar-may oylari davomida jami 10772 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, yo‘laklar bo‘yicha tahlil qilinganda, 7228 ta (67 foiz)“yashil”, 2600ta (24 foiz) -“sariq” va 944ta (9 foiz)“qizil”yo‘lak orqali rasmiylashtirilgan.

Bojxonachilar tomonidan 2021yilning yanvar-iyun oylari davomida bojxona sohasiga oid qonun hujjatlarining buzilishi bilan bog‘liq 196 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, qiymati 2,83 milliard so‘mlik tovar-moddiy boylik ashyoviy dalil tariqasida ushlab qolindi. Shundan, jami 4 ta holatda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kontrabanda ashyolari noqonuniy harakatining oldini olish borasida giyohvandlik moddalardan 102,35 gr. opiy, 5,2 gr. “marixuanna”, 1 tup “kannabis”, 1,83 gr. giyohvandlik o‘simligi urug‘i va 999 tabletka “Tramadol” nomli giyohvandlik vositasi, kuchli ta’sir qiluvchi 12 flakon “Tropikamid” va 13 kapsula “Regapen” dori vositalari, psixotrop moddalardan 52 dona aniqlandi. Shuningdek, qurol-yaroq, o‘q-dori va portlovchi moddalardan 6 dona o‘q-dori, 16 dona gilza va 1, 15 kg. drob mahsulotlari noqonuniy aylanmasining oldi olindi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA