“Turkiston” san’at saroyida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tashabbusi bilan qo‘shiqchilik san’atida yosh iste’dod egalarini izlab topish maqsadida o‘tkazilgan kastingning so‘nggi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan mazkur kasting jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlaridan kelgan bir qancha yosh ijrochilar ishtirok etishdi.

Kastingda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar, taniqli rejissyorlar va soha mutaxassislaridan iborat ijodiy guruh a’zolari yosh ijrochilarning ovoz imkoniyati, kuylash mahorati, sahnada o‘zlarini tutish madaniyati, musiqada soz va so‘zning uyg‘unligini his etishi singari bir qator jihatlarga e’tibor qaratishgan holda o‘z baholarini berishdi.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, mazkur kasting g‘oliblarining imkoniyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun sohaning mahoratli vakillari bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi va bosqichma-bosqich ravishda ularning ijodi xalqimizga taqdim etib boriladi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA