Xo‘jayli tumani hokimligi binosida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining moddiy ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Zoir Bozorboyev qoraqalpog‘istonlik yoshlar bilan uchrashdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.

“Yoshlar oyligi” doirasida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘zgacha kayfiyatda o‘tib, taassurotlarga boy bo‘ldi.

Polkovnik Zoir Bozorboyev yoshlar bilan suhbatda nima uchun aynan harbiylik kasbini tanlagani, sharafli sohada bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘li, muvaffaqiyatining siri haqida so‘zlab berdi.

Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, armiyamizning kuch-qudrati, harbiy xizmatchilarning jahon arenalarida qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlari, yurt himoyachilari va ularning oila a’zolariga berilayotgan imtiyozlar, ijtimoiy himoya masalalariga oid ma’lumotlar yoshlarning harbiylikka bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.

Suhbatda mudofaa vaziri o‘rinbosari ichki va tashqi mehnat bozorlarida kundan-kunga talab ortib borayotgan qurilish sohasi mutaxassislarini qisqa o‘quv kursi doirasida tayyorlab beruvchi Nukus shahridagi Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi faoliyati va imtiyozlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, mamlakatimiz va xalqimiz istiqboli uchun ahamiyati borasida so‘zlab berdi.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida o‘quv-jangovar mashg‘ulotlar murakkablashtirilayotgani, topshiriqlarni tungi sharoitda, notanish poligon va hududlarda bajarish imkoniyatlari oshirilgani, taktik harakatlarning yangi usul va uslublari amaliyotga samarali joriy etilayotgani ta’kidlandi.

Xalqaro harbiy va harbiy-texnik hamkorlik doirasida yo‘lga qo‘yilgan har tomonlama aloqalar natijasida nufuzli harbiy akademiyalar va markazlar mutaxassislari bilan tajribalar almashilayotgani, rivojlangan mamlakatlar mudofaa akademiyalari, strategik tadqiqotlar markazlari bilan aloqalar mustahkamlanayotgani alohida qayd etildi.

Vazir o‘rinbosarining yoshlarga bergan pandu nasihatlari, kelgusi hayotda katta muvaffaqiyatlarga erishishlari uchun bildirgan tilaklari o‘spirinlarni ulkan marralar sari ruhlantirib, kelajak uchun kurashish, olg‘a intilishga madad berdi.

Xo‘jayli tumanining shijoatli yoshlari tomonidan berilgan savollar va takliflar vazir o‘rinbosarida ham taassurot qoldirdi.

Jumladan, joriy yilda maktabni tamomlagan Aysaule Yermekbayeva oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan yoshlar uchun vazirlik tomonidan qisqa o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha bergan taklifi vazir o‘rinbosariga ma’qul keldi.

Polkovnik Zoir Bozorboyev bu taklif, albatta, inobatga olinishi va ushbu masala bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilishiga va’da berdi.

Uchrashuv davomida harbiylikka qiz bolalarda ham qiziqish borligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, Albina Amangeldiyeva vazir o‘rinbosariga qiz bolalar o‘rtasida poligonlarda harbiylashgan musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha bergan taklif ham inobatga olindi. Bu masalaga ham vazir o‘rinbosari jiddiy e’tibor qaratib, yaqinda yangi musobaqa tashkil etilishini bildirdi.

Tadbirda faol ishtirok etgan bir guruh yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari bilan suhbatdan g‘ayratu shijoati ichiga sig‘may turgan yoshlar mehmonlarni esdalik uchun fotosuratga tushishga taklif etdi.