Mamlakatimizda mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini orttirish, investitsion jozibadorlik muhitini barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratib, xalqimizning farovon hayot kechirishi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar bugun har bir jabhada o‘zining natijasini ko‘rsatmoqda.

Davlat byudjetiga valyuta tushumini ta’minlashda va ichki bozorimizni zarur mahsulotlar bilan to‘ldirishda mamlakat tashqi savdo aylanmasining hajmi muhim ahamiyat kasb etadi. Eksport va import operatsiyalarining qisqa fursatlarda samarali amalga oshirilishi yo‘lida bojxona organlari tomonidan ham qator chora-tadbirlar bajarilmoqda.

Birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi misolida qarasak, joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida davlat byudjetiga bojxona to‘lovlaridan 128 milliard 856 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘i o‘tkazilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 60 foizga oshgan. Hududning tashqi savdo aylanmasi hisobot davrida 269 million AQSH dollarini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 38 foizga ko‘paygan.

Bugun yurtimizda eksportni rag‘batlantirish, importni optimallashtirish borasida amalga oshirilayotgan oqilona siyosat natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi orqali tashqi va ichki bozorlarga yo‘naltirilgan jami tovarlarning 71 foizi eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 29 foiz mahsulot mamlakatimiz hududida erkin muomalaga chiqarilgan.

Hududning eksportbop mahsulotlari hisoblanuvchi plastmassadan yasalgan buyumlar (polietilen), ip-kalava, farmatsevtika, kimyo-sanoati mahsulotlari, tirik hayvonlar va qishloq xo‘jalik mahsulotlari asosan Xitoy, Turkiya, Rossiya, Latviya va Qozog‘iston bozorlariga yo‘naltirilgan. Import tovarlarning asosiy bo‘lagi Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Shvetsiya, Vetnam davlatlaridan olib kelingan dastgoh va asbob-uskunalar, kimyo-sanoati, oziq-ovqat, neft va neft mahsulotlari, yog‘och hamda taxta mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bugun mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirishlari uchun sharoit yaratish maqsadida imtiyozlar taqdim etish uslubi joriy etilgan. Bu esa o‘z o‘rnida tadbirkorlik sub’ektlarining bojxona to‘lovlaridan tejalgan mablag‘larini mahsulot ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirib, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan tegishli qonunchilik hujjatlari talabi asosida tadbirkorlik sub’ektlariga joriy yil boshidan bojxona to‘lovlaridan 68,5 milliard so‘m miqdorida imtiyoz va preferensiya taqdim etilgan.

Xavfni boshqarish tizimi asosida boshqarmaga qarashli tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tomonidan yanvar-may oylari davomida jami 9083 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, yo‘laklar bo‘yicha tahlil qilinganda, 6328 ta «yashil», 2020 ta «sariq» va 735 ta «qizil» yo‘lak orqali rasmiylashtirilgan.

Eksport va importga yo‘naltirilgan yuklarning atigi 8 foiziga bojxona nazorati shakllarining tatbiq etilish va qolgan 92 foiz tovarlarning soddalashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazilishi bojxona organlari faoliyatida «raqamli bojxona» tamoyili asosida joriy etilayotgan axborot dastur va interaktiv xizmatlar samaradorligining yaqqol namunasidir.

Yurtimiz sarhadlarida sergak bojxonachilarimiz tomonidan 2021 yilning yanvar-may oylari davomida bojxona sohasiga oid qonun hujjatlarining buzilishi bilan bog‘liq 167 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, qiymati 1,8 milliard so‘mlik tovar-moddiy boylik ashyoviy dalil tariqasida ushlab qolindi. Shundan, jami 4 ta holatda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kontrabanda ashyolarining noqonuniy harakatiga chek qo‘yish borasida giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq 102,35 gr. “opiy” 5,2 gr.“marixuana”, 1 tup “kannabis”, 1.83 gr. giyohvandlik o‘simlik urug‘i va 999 tabletka “Tramadol”, 12 flakon “Tropikamid” va 13 kapsula “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi vosita, shuningdek, 52 dona psixotrop tabletka aniqlandi. O‘qotar sovuq qurollar toifasidan 6 dona o‘q-dori, 16 dona gilza, 1,2 kg droblarning noqonuniy tarzda bojxona chegaralari orqali kirib kelishi va noqonuniy aylanmada bo‘lishining oldi olindi.

Erishilayotgan ko‘rsatkich va natijalar bojxona tizimining isloh etilishi va sohaga ilg‘or axborot tizimlarining joriy qilinishi natijasida, “raqamli bojxona” sari tashlanayotgan dadil qadamlar samarasidir.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA