Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Prezident maktablarining bitiruvchi o‘quvchilari hamda parlament quyi palatasi deputatlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Deputatlar, parlament quyi palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zolari, Prezident maktabi o‘qituvchi-murabbiylari hamda o‘quvchilari qatnashgan tadbirda milliy parlamentimiz tarixi, faoliyati, shuningdek, Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari, siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, komissiyalar hamda deputatlarning faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda yoshlar qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni Qonunchilik palatasi tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqish, yalpi majlis muhokamalariga tayyorlash va qonun loyihasini qabul qilish jarayoni bilan tanishtirildi.

Parlament quyi palatasidagi Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya a’zolari mamlakatimizda yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongini yuksaltirish, bandligini ta’minlash, iqtidorini rivojlantirish, axborot xurujlari va nosog‘lom muhitdan himoyalash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritib, ishtirokchi yoshlarning turli savollariga javob berdi.

Davra suhbati yakunida o‘quvchi-yoshlar Qonunchilik palatasining majlislar zallari, yangi tashkil etilgan parlament kutubxonasi hamda muzey faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

Bu kabi amaliy uchrashuv va davra suhbatlari o‘g‘il-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqiy savodxonligini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA