“Turkiston” san’at saroyida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tashabbusi bilan san’at olamida yosh iste’dodlarni izlab topish maqsadida kasting bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur kasting jarayonida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy bo‘limlari tomonidan saralangan yosh iste’dodlar ishtirok etdi.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi matbuot xizmatiga ko‘ra, navbatdagi kastingda esa boshqa hududiy bo‘limlar tomonidan tavsiya etilgan iqtidor egalari ijodiy guruh tomonidan saralanadi.

Ushbu kastingda nomzodlarni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Azim Mullaxonov, Abdulla Shomag‘rupov, Jenisbek Piyazov hamda bastakor va rejissyorlardan iborat ijodiy guruh baholab bordi.

Aytish kerakki,  Madaniyat vazirligi hamda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan o‘z iste’dodi, ovozi va ijodiy intiluvchanligi bilan kelajakda san’atkor bo‘lishga qat’iy ahd qilgan hamda bu borada maqsadi aniq bo‘lgan yoshlarni kashf etish, ularga keng imkoniyatlar yaratish borasida manzilli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. O‘tkazilgan  kasting jarayonlari ham mana shu yo‘ldagi sa’y-harakatlardan biri hisoblanadi.

E’tiborlisi, mazkur kastinglarda g‘oliblarining imkoniyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish uchun sohaning mahoratli vakillari bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi va bosqichma-bosqich ravishda ularning ijodi xalqimizga taqdim etib boriladi.

 

 N.Usmonova, O‘zA