Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan hamkorlikda Mo‘ynoq tumanida tashkil etilgan “Ralli Mo‘ynoq – 2021” avtomobil sporti musobaqasining g‘oliblari aniqlandi.

Musobaqa yakunida qoraqalpog‘istonlik sportchilar J.Muxanov va Sh.Temirov (A-8 klasi bo‘yicha), I.Abdikarimov va Sh.Saparbayev (A-9 klasi bo‘yicha) g‘olib bo‘lib, musobaqa tashkilotchilari tomonidan Prezidentimiz sovrini «Neksiya-3» avtomobillari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, A-8 avtomobil klasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan Andijon viloyatidan T.Narziqulov va Q.Narziqulov 15 million so‘m, uchinchi o‘rinni egallagan Xorazm viloyatidan M.Begiyev va M.Atashov 7 million so‘m, A-9 avtomobil klasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan Jizzax viloyatidan B.Odilov va S.Muminov 15 million so‘m, uchinchi o‘rinni egallagan Jizzax viloyatidan Sh.Xatamov va A.Turopov 7 million so‘m bilan taqdirlandi. Baggilar musobaqasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Jizzax viloyatidan Z.Odilovga 15 million so‘m, ikkinchi o‘rinni egallagan Samarqand viloyatidan F.Atxamovga 7 million so‘m, mototsikllar musobaqasida marraga birinchi bo‘lib kelgan Buxoro viloyatidan B.Axmedovga 15 million so‘m, ikkinchi o‘rinni egallagan Qoraqalpog‘iston Respublikasidan B.Asabayevga 7 million so‘m, uchinchi o‘rinni egallagan Andijon viloyatidan O.Cholovga 3 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Bundan tashqari, sport mototsiklini boshqaradigan yagona sportchi qiz – Xorazm viloyatidan G.Ibadullayeva, musobaqani tashkillashtirishda faol ishtirok etgan bir qator sportchi hamda hakamlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA