Joriy yilning aprel oyida Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha hududiy vakili, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Z.Reymova ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir sharoitda turmush kechirayotgan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganib chiqqan edi.

O‘rganishlar davomida Nukus  shahridagi  “Chimboy choyxona” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro II guruh nogironi P.Quanov oila a’zolari bilan anchadan buyon avariya holatidagi uyda yashab kelayotganligi, ta’mirlash uchun moddiy sharoiti yo‘qligi bois  amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi.

Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha hududiy vakili,  deputat Z.Reymova  2 sektor rahbari O.Xudoybergenov bilan birgalikda  fuqaroning  uyiga borib, uning yashash sharoiti bilan tanishdi.

Haqiqatdan ham  uyi avariya holatida ekanligi, u yerda yashashning o‘zi  oila a’zolari  uchun  xavfli  ekanligi  aniqlandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay murojaat  ijobiy hal qilindi. Fuqaroning yashab turgan eski uyi o‘rniga yangidan uch xonali uy-joy qurib berildi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA