Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari Qorao‘zak tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rganib, ularga bojxona sohasida yangi qabul qilingan me’yoriy hujjatlar va yaratilayotgan yengilliklar to‘g‘risida tushuntirishlar berdi.

bugungi kunda hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga sifatli xizmat ko‘rsatish, maslahat berish, faoliyatini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni “korxonabay” o‘rganish va tezkorlik bilan hal etish maqsadida, joylarda uchrashuvlar tashkil etilib, ularning muammolari batafsil o‘rganilmoqda. Xususan, tumanda faoliyat yurituvchi “Qaraqalpaq sement” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi hududdagi yirik sement ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri sanaladi. 2008 yilda tashkil topgan ushbu korxona bugungi kunda yiliga 400 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida qabul qilingan bir qator qonunchilik hujjatlari bugun o‘z samarasini berib, tadbirkorlik sub’ektlarining harajatlarini qisqartirish hamda ishlab chiqarish hajmining ortishiga zamin yaratmoqda.

Jumladan, import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan texnologik jihozlar bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq, “Qaraqalpaq sement” MCHJ qo‘shma korxonasiga o‘tgan yillar davomida bojxona to‘lovlaridan 10 milliard 148 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan.

O‘z o‘rnida korxona bojxona to‘lovlaridan tejalgan mablag‘larni ishlab chiqarishni kengaytirish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga sarflagan bo‘lib, 2018 yilda zavodning  ikkinchi qismi ishga tushirilgan. Buning natijasida korxonaning samaradorligi 2 barobar oshib, yiliga 400 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan.

bugungi kunda korxona tomonidan sement ishlab chiqarish hajmini yiliga 1,2 million tonnaga yetkazish uchun yangi zavod qurilishida ishlar jadal ravishda olib borilmoqda.Mazkur zavodni ishga tushirish natijasida korxona tomonidan 700 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha asosida Xitoy Xalq Respublikasidan 30 million YeVRO ga sement ishlab chiqaruvchi zamonaviy uskunalar to‘plamini xarid qilish rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida bojxona xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirish, kelgusida o‘z mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Mavjud muammo va kamchiliklar joyida o‘rganilib, bartaraf etildi.

Bu kabi o‘tkazilayotgan tadbirlarning barchasi mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish pirovardida, xalqimizning farovon hayot kechirishi, bugungi kunidan rozi bo‘lib, ertangi kuniga yanada katta ishonch paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA