Nukus davlat pedagogika institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori P.Kalxanov, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i A.Bimbetov hamda chet tillari kafedrasi boshlig‘i N.Babaniyazova, shuningdek, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi siyosiy masalalar bo‘yicha kotibi X.Toshboyevdan iborat delegatsiya Pokiston Islom Respublikasining Lahor shahrida joylashgan Panjob universitetiga xizmat safari bilan tashrif buyurdi.

Panjob universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda delegatsiya vakillari shu yilning 14 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn sammitda ikki davlat o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalasida muzokaralar olib borilganligi katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgani aytildi.

Shundan kelib chiqib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida talabalar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarni almashish, 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan bepul va barcha xarajatlari qoplanadigan o‘quv safarlarini tashkil etish bo‘yicha olib boriladigan ishlarni muhokama qildi.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA