Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Central Azia – 2021 : fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” mavzusida XIV xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgandi.

Bu yilgi konferensiya doirasida axborot-kutubxona rivojiga, aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishning yangi tizimini yaratishga, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qo‘shgan, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va yosh mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan bir guruh kutubxonachilarga ko‘krak nishonlari topshirildi. Ular orasida filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov ham bor.

– Nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodagi eng katta, qadimiy kutubxonaning tashkil topganiga 150 yil to‘lyapdi, – deydi Z. Isomiddinov.– Bu kunni mamlakatimiz ma’rifatining bayrami deb hisoblayman. Milliy kutubxona rivoji uchun juda ko‘plab olimlar o‘z hissasini qo‘shgan. O‘ylaymanki, kutubxona yana uzoq yillar o‘z maqomini saqlab qoladi. Iqtisodiy sharoitlar yaxshilangani sari odamlarda ma’rifatga, madaniyatga intilish o‘z-o‘zidan rivojlana boshlaydi. Hozir shuning dastlabki natijalarini ko‘ra boshlayapmiz.

Uch kun, ya’ni 19-21 may kunlari bo‘lib o‘tadigan konferensiyaning birinchi kuni davomida xorijdan kelgan mehmonlarning tabriklari qabul qilindi, kasbiy taqdimot marosimi o‘tkazildi. Konferensiya yana ikki kun davom etadi. Xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar ishtirokida Toshkent shahridagi yangi tashkil etilgan kutubxonalarda uchrashuvlar o‘tkaziladi.

 

Nigora Rahmonova, O‘zA