Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgan shu kunlarda akademik Akmal Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi nashrdan chiqdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “Tasvir” nashriyoti bilan hamkorlikda «KOLORPAK» MCHJ bosmaxonasida o‘zbek va rus tillarida chop etilgan ushbu salmoqli kitob poytaxtimizda muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi ochilganining 1 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Kitobda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida hikoya qilingan.

Muallifning fikr va mushohadalari aniq dalil va raqamlar, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, tegishli mavzudagi she’rlar va tasviriy san’at asarlaridan namunalar bilan mustahkamlangan.

Kitob Muqaddima, Xotima, 6 fasl va 40 bobdan iborat. Nashrning so‘nggi sahifalarida Ikkinchi jahon urushi yillarida “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni, uchala darajadagi «Slava» («Shuhrat») ordeniga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz hamda o‘zbekistonlik Ikkinchi jahon urushi generallarining ro‘yxatlari ilova qilingan.

Keyingi yillarda Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko‘rsatgan O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini chuqur o‘rganish va keng miqyosda targ‘ib etish davr talabiga aylandi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, hech shubhasiz, yosh avlodni yuksak gumanizm va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

N.Usmonova, O‘zA