Bojxona organlari tomonidan giyohvand vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash jadal davom ettirilmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda To‘rtko‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida salkam 100 gramm “opiy” giyohvand moddasini olib ketayotgan og‘ufurush to‘xtatib qolindi.

Avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro Ch.A. boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu shaxsning cho‘ntagida jami 3 dona polietilen o‘ramda “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi. Shuningdek, avtotransport vositasi yukxonasidagi ehtiyot qismlar sumkasi ichiga yashirilgan 1 dona elektron tarozi va 1 litr sig‘imli gaz ballon ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspertiza-kriminalistika boshqarmasining xulosasiga ko‘ra, ushbu giyohvandlik moddalar sof og‘irligi 99,42 grammni tashkil etuvchi “opiy” ekanligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA