Nukusda bog‘ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur bog‘ yosh avlod qalbida Vatanni sevish muqaddas burch ekanini chuqur singdirish orqali milliy ruhda tarbiyalash, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qadimiy tarixi, madaniyati, Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida mardlarcha kurashgan milliy qahramonlar bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy armiyamiz qudrati va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni yanada kuchaytirish, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alaba uchun mardlarcha kurashgan yurtdoshlarimizning nomini abadiylashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

9 may – Xotira va qadrlash kuni va Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi bayramiga o‘zgacha tuhfa bo‘lgan “Vatanparvarlar bog‘i” Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining 2019 yil dekabr oyidagi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga asosan barpo etilgan. Mazkur bog‘ qurilishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma’muriy sektori tomonidan pul mablag‘i ajratilgan.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda shahar hokimligi rahbarligi ostida bunyod etilgan bog‘da urush yillarining boshlanishidan, Berlinda Sobiq ittifoq bayrog‘ining o‘rnatilgunga qadar pannolarda fotosuratlar jamlanmasi o‘rin olgan. Uch o‘lchamli grafika usulida yaratilgan suratlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining frontga bergan yordami hamda vatandoshlarimizning front ortidagi mashaqqatli mehnati aks etgan.

Bog‘da jami 8 dona texnika: T-64 tanki, piyodalar jangovar mashinalari, zirhli transportyorlar hamda artilleriya va zenit qurilmalari o‘rnatilgan. Eksponatlar orasida ko‘pchilikning diqqatini Su-17 qiruvchi samolyoti tortishi shubhasiz.

Urush yillarini eslatuvchi muhandislik mudofaa to‘siqlari, okoplar bo‘ylab sayohat, kishini o‘sha davrga bir zum bo‘lsada olib ketadi.

Bog‘da Ikkinchi jahon urushi yillari Qoraqalpog‘iston xalqi va qoraqalpog‘istonliklarning matonati, g‘alabaga qo‘shgan hissasi aks etgan bir qavatli “Xotira uyi”, pnevmatik miltiqdan o‘q otish tiri, harbiy alpinizmni rivojlantirish maqsadida skalodrom, harbiy ob’ektlar, janggohlarni aks ettiradigan okop, blindaj va yerto‘lalar hamda Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan jangovar texnikalar o‘rin olgan.

“Vatanparvarlar bog‘i”ining markazida joylashgan va noyob tarixiy eksponatlar bilan boyitilgan “Xotira uyi” Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ikkinchi jahon urushiga qo‘shgan salmoqli hissasi, urushda jasorat va matonat ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar, orden va medallar hamda urush qatnashchilarining shaxsiy buyum va kiyimlari bilan boyitilgan.

Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz nafaqat frontda, balki front ortida ham mashaqqatli mehnati, vatanparvarligi, insoniyligi bilan fashizm ustidan g‘alaba qozonishga o‘zlarining beminnat hissalarini qo‘shgan.

Qoraqalpog‘istonning 20 mingdan ziyod fuqarosi urush yillari front ortida sanoat, kon-metallurgiya shaxtalari hamda mamlakatimizning sanoat muassasalarida jonbozlik ko‘rsatgan. “Xotira uyi” eksponatlari orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining front ortidagi mashaqqatli mehnati, fashizm ustidan g‘alabaga erishish uchun qo‘shgan hissasi haqida so‘zlovchi ma’lumot va ekspozitsiyalar ham o‘rin olgan.

Endilikda Nukus shahrida joylashgan “Vatanparvarlar bog‘i” nafaqat o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhini yuksaltiradigan maskan, balki xalqimiz maroqli hordiq chiqaradigan obod go‘shalardan biriga aylanadi.

Joriy yil 28-30 aprel kunlari Toshkent harbiy okrugining dala-o‘quv maydonida Mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining final bosqichi bo‘lib o‘tgan edi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegayli tumanidagi 41-umumta’lim maktabining “Lochin” jamoasi shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olib, g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bog‘ning ochilish marosimida jamoa a’zolariga “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at ustalari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi orkestri a’zolari ijrosida urush yillaridagi vatandoshlarimizning jasoratini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Tadbir ishtirokchilari bu yerdagi eksponatlar bilan tanishdi.

“Vatanparvarlar bog‘i”ning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA