Shu kunlarda hududlarda Parlamentning yuqori palatasida doimiy asosda ishlovchi senatorlarning Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Navoiy viloyati Uchquduq tumanida tuman kengashi deputatlari, kengash huzurida tashkil etilgan “Xalqparvar” komissiyasi a’zolari ishtirokida tashkil etildi.

Ochiq-oshkora va samimiy o‘tgan uchrashuvda “Mahalliy byudjet mablag‘lari sarflanishida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash to‘g‘risida”gi Senat qarorining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, “Xalqparvar” komissiyasi faoliyatini tashkil etish borasidagi masalalar o‘rtaga tashlandi.

Oliy Majlis Senatining byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran, respublikaning barcha tuman (shahar)larida tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi, joriy yil 1 iyuldan boshlab esa jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman byudjeti qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizini yo‘naltirish belgilanganligi, shuningdek, uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari huzurida “Xalqparvar” komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi ta’kidlandi. Uchrashuvda komissiya faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berilib, uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ajratish, subsidiya to‘lanadigan fuqarolarni tanlab olish, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hamda mazkur sohada byurokratiya va boshqa ma’muriy to‘siqlarning oldini olishda “Xalqparvar” komissiyasining roli va ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, tadbirda tuman byudjeti mablag‘larining tegishli qismini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish bo‘yicha ham nazoratni olib borishda xalq vakillari – joylardan saylangan deputatlarning faol ishtiroki ham muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

Oliy Majlis Senatining byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning deputatlar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA