9 may – Xotira va qadrlash kuni

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Kamalov Qoraoʻzak tumanidagi A.Dosnazarov ovuli fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Genjemurat Allaniyazovning xonadonida boʻlib, bayram sovgʻalarini topshirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida “Xotira bor ekan – millat barhayot”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” shiorlari ostida tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Faxriy otaxonga davlatimiz rahbarining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 12 000 000 (o‘n ikki million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

– Mamlakatimizda biz urush qatnashchilariga hamisha ehtirom ko‘rsatib kelinmoqda, buning uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz, – deydi urush qatnashchisi Genjemurat Allaniyazov. – Salomatligimizdan xabar olib turibdi. Ilohim, endi urush bo‘lmasin, bugungi farovon hayotimizga ko‘z tegmasin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at ustalari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi orkestri a’zolari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar faxriy otalarimizning urush yillarida ko‘rsatgan jasoratini yodga soldi.

Shu kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov Nukus shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qadirboy Narmanovning xonadonida bo‘ldi. Unga davlatimiz rahbarining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 12 000 000 (o‘n ikki million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Orolbo‘yida Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA