Toshkentda «Innoprom» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida bir qator uchrashuv, biznes-forum va tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Poytaxtimizdagi “International Hotel Uzbekistan” mehmonxonasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashining beshinchi yig‘ilishi ulardan biri.

Ikki tomon ishbilarmon vakillari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi, O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashining hamraisi Adham Ikromov, Rossiya Federatsiyasi Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Dmitriy Kurochkin, Rossiya Federatsiyasi ishbilarmonlar kengashi raisi, Janubiy-Ural savdo-sanoat palatasi prezidenti Fedor Degtyarev va boshqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etdi.

bugungi tadbir ham ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun keng va qulay imkoniyat yaratib, kelgusida samarali natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Kengash yig‘ilishida asosiy e’tibor ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida ochiq muloqot platformalarini tashkil etishga qaratildi.

Shu sababli, mamlakat ishbilarmonlari sohalari bo‘yicha erishgan yutuqlari va kelgusi rejalari bilan o‘rtoqlashdi, turli sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z mahsulotlari va xizmatlarini hamkorlik qilish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga namoyish etib, hamkorlikning afzalliklari va uning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdi.

– Korxonamiz 2018 yil tashkil etilgan, – dedi Namangandagi “Meksal” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi rahbari Odiljon Otaboyev. – 36 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan korxonamizda metallni qayta ishlash va po‘lat trubalar ishlab chiqarilmoqda. Rossiya tomonidan 150 ming dollar miqdorida investitsiya kiritilgan va yangi texnologiyalar olib kelingan. Hozirgi kunda mahsulotlarimiz faqat ichki bozorga yo‘naltirilmoqda. «Innoprom» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi nafaqat biz, balki boshqa mahalliy korxonalarga ham keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm, logistika, xizmat ko‘rsatish hamda tekstil yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘rtasida qizg‘in muzokaralar o‘tkazilib, bir qator hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar imzolandi.

– Biz O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro ko‘rgazmada “USM” xolding guruhi tarkibidagi “IKS Xolding”, “MegaFon” va “Metalloinvest” kompaniyalarning zamonaviy innovatsion texnologiyalarini namoyish etmoqdamiz, – dedi “IKS Xolding” kompaniyasi vitse-prezidenti Stanislav Kiselev.

– Bu ma’lumotlarni saqlash tizimlarining server uskunalaridan tortib, kompleks yechimlar bilan yakunlangan eng zamonaviy istiqbolli texnologiyalardir. O‘ylaymanki, ko‘rgazma barcha ishtirokchilar uchun samarali bo‘ladi.

Qayd etilganidek, ochiq muloqotlar istiqbolli loyihalar va kelishuvlarni ishlab chiqishni o‘z ichiga olgan o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni aniqlash hamda O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning samarali formatini yaratishga imkon berdi.

Tadbir doirasida Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi va O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashi o‘rtasida 2021 yilga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasi imzolandi.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, A’lo ABDULLAEV (surat), O‘zA