O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok boshchiligidagi parlament delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida Spiker N. Ismoilov koronavirus pandemiyasi sharoitida bemorlarni samarali davolash, reabilitatsiya qilishda O‘zbekistonga ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak uchun Koreya xalqiga alohida minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston va Koreyaning qadimiy tarixiy, do‘stona aloqalari, avvaldan taraqqiy etgan savdo-sotiq munosabatlariga to‘xtalib, bu boradagi ishlar ayni paytda barcha sohalar bo‘yicha faollashganini e’tirof etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida asosiy hamkorlarimizdan biri — Koreya Respublikasi bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishga tayyorligimizni bildirgan edi.

Ayniqsa, O‘zbekiston rahbarining 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni tubdan yangi bosqichga olib chiqdi. O‘zbekiston 2018 yildan Koreya Respublikasi fuqarolariga viza tizimini bekor qilgani o‘zaro bordi-keldi faollashuviga, hamkorlik yuksalishiga imkon berdi. Qolaversa, axborot texnologiyalari, raqamli tibbiyot, oliy ta’lim va madaniyat sohalarida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Janubiy Koreya tajribasi mamlakatimizning maktabgacha ta’lim tizimiga keng joriy etilmoqda.

Ikki davlat aloqalarini mustahkamlashda parlamentlararo munosabatlar ham muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, 2017 yil sentyabr oyida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Chon Se Gyun boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga, 2018 yilda esa Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov boshchiligidagi Oliy Majlis quyi palatasi delegatsiyasi Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi. Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muzokaralar yakunida parlamentlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolangani alohida e’tiborga molik.

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In 2019 yil 19 aprel kuni mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurib, ikki mamlakat parlamentlari hukumatlararo hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishda davom etishiga umid bildirgan edi.

Navbatdagi muzokara chog‘ida tomonlar parlamentlararo muloqotni yanada taraqqiy ettirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etdi. Jumladan, ikki tomonlama hujjatlarni ratifikatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha muloqot olib borish, parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, Milliy Assambleya ilmiy-tadqiqot markazi bilan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirish, qolaversa, parlamentlar kutubxonalari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi takliflarni koreyalik parlamentariylar qo‘llab-quvvatladilar.

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok O‘zbekiston so‘nggi yillarda iqtisodiy-siyosiy jihatdan jadal rivojlanayotgan davlat sifatida dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallayotganini e’tirof etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarni yuksak baholadi.

— Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona, o‘zaro ishonchga asoslangan aloqalar Koreya va O‘zbekiston rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli yanada mustahkamlanmoqda, — dedi Spiker Pak Byon Sok. — Mamlakatingizga uchinchi marotaba tashrif buyurishim. Ochig‘ini aytishim kerak, so‘nggi tashrifimdan so‘ng, yurtingiz har jihatdan o‘zgarganiga, barcha sohalarda taraqqiyot sur’ati sezilarli darajada o‘sganiga amin bo‘ldim. Bu meni hayratlantiradi. Ayniqsa, O‘zbekistonning yuqori va quyi palatalari parlamentni rivojlantirishga, parlamentlararo aloqalarni izchil yo‘lga qo‘yishga bor kuch-imkoniyatlarini ishga solayotgani menda katta taassurot qoldirdi. Hozir Koreya va O‘zbekiston o‘rtasida shakllantirilgan parlamentlararo guruhlar ko‘magida o‘zaro munosabat yanada rivojlantirilmoqda.

Koreya parlamenti vakillari Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi doirasida shu yil 24 iyun kuni Buxoro shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Barqaror maqsadlarga erishishda parlamentlararo global sheriklik” mavzusidagi xalqaro forumga, 2021 yil 12-13 avgust kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Yoshlar huquqlari bo‘yicha Butunjahon konferensiyasiga taklif etildi. Shuningdek, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi a’zolarining 2021 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mamlakatimiz uchun muhim ahamiyat kasb etishi bildirildi.

Muloqot chog‘ida Koreya parlamenti delegatsiyasi a’zolariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyati, siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, komissiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash bilan birga, turizm, madaniy-gumanitar kabi sohalarda ham hamkorlikni yanada rivojlantirish va aloqalarni chuqurlashtirish yuzasidan hukumatlarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qizg‘in fikr almashildi.

 

O‘zA