Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyihalar menejeri Paul Shumaxer «Orolbo‘yida ekologik yo‘naltirilgan mintaqaviy taraqqiyot» loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda vazirlikning Media-axborot markazi ma’lum qildi.

Mazkur loyiha Orolbo‘yi hududini barqaror transchegaraviy ekologik hamda iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga erishishda O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlariga ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan.

Qiymati 8 million yevroni tashkil qiluvchi to‘rt yillik mazkur loyiha ekologik va ijtimoiy jihatlarga salbiy ta’sirlarni minimallashtirishni hisobga olgan holda iqtisodiy rivojlanishga kompleks yondashuv asosida amalga oshiriladi.

– Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining agrar sektorida ishlayotgan qishloq aholisi Orol fojiasi oqibatlaridan juda aziyat chekmoqda, – ta’kidladi vazir Jamshid Xo‘jayev. – Shu bois Orolbo‘yi hududida ekologik yo‘naltirilgan mintaqaviy rivojlanish biz uchun juda muhimdir.

Yangi loyihaning konsepsiyasi «2030 yilgacha qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi»ning «Aholining oziq-ovqat xavfsizligi» hamda «Qishloq joylarni rivojlantirish» singari asosiy ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi, shuningdek BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini ham aks ettiradi.

Konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, raqamlashtirish, geoaxborot tizimi, masofaviy zondlash, transchegaraviy hamkorlik kabilar Yangi loyihaning asosiy tarkibiy qismlaridir.Shu qatorda biz qozog‘istonlik qo‘shnilarimiz bilan ma’lumot almashish uchun ochiqmiz. Ishonchim komilki, ushbu loyiha va bizning o‘z rivojlanish rejalarimiz barchamizga kuchli sinergik samara va natijalarga erishishga imkon beradi.

O‘zA