Mo‘ynoq tumanida “Orolga madad” shiori ostida ekologik xayriya hashari o‘tkazildi.

Tadbir doirasida Orolning qurigan tubida o‘rmonlashtirish tadbirlarida ishtirok etayotgan ishchilarga 15 ming dona ko‘chat, 2 tonna saksovul urug‘i, 500 kg kartoshka, 500 kg piyoz, 300 kg sabzi, 4 qop guruch, 200 litr yog‘, 300 kg turp, 600 l toza ichimlik suvi, 200 dona qishki erkaklar poyabzali, bosh kiyimlar, 4 bosh qo‘y va boshqa xo‘jalik mahsulotlari xayriya tariqasida topshirildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Narzulla Oblomurodov rahbarligida amalga oshirilgan mazkur tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiya deputatlari va Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati Kengashlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dengizning qurigan tubida barpo qilinayotgan yuz minglab gektar o‘rmonzor yerlarda O‘rmon xo‘jaligi ishchilari bilan birgalikda saksovul ko‘chatlarini ekishda qatnashdi va saksovul ko‘chatlarining o‘sish jarayoni nazorat qilindi.

Xayriya hasharlari davomida tashkil etilgan madaniy dasturlar va bayram dasturxoni o‘rmonchilarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Ye.Qanoatov, O‘zA