Bu haqda viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan “Oltin daftar”ga kiritilgan sirdaryolik vatandoshlarimiz bilan Sirdaryodagi viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari vakillari o‘rtasida onlayn videomuloqot o‘tkazildi.

Ushbu onlayn muloqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Sirdaryo viloyati, shahar va tuman hokimliklari hamda Janubiy Koreyada o‘zlarining samarali mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz bilan ularning investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan mavjud masalalarni birgalikda muhokama qilish va amaliy vazifalarni belgilab olishdan iborat.

Tadbirda Koreyadagi vatandoshlarimiz bilan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalardagi loyihalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

Muloqotda ishtirok etgan viloyat hokimligi vakillari sarmoyador vatandoshlarimizga mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlar, jumladan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish loyihalarini tashkil etish hamda taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirish uchun yer maydoni, bino va inshootlarni ajratish tartiblari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, Koreyadagi yurtdoshlarimiz qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur dastgohlarni sotib olish va yetkazish bo‘yicha tegishli shartnomalarni imzolash ishlarini olib borayotganligi hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga e’tibor qaratayotganlarini ma’lum qildi.

Muloqotda ushbu loyihalarni tatbiq etishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida hududiy boshqaruv organlari tomonidan tegishli mutasaddi vakillar belgilandi va hamkorlikni jadal olib borish bo‘yicha rejalar aniqlab olindi.

Uchrashuv yakunida vatandoshlarimizning yurtimizdagi faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash va tegishli choralarni amalga oshirish maqsadida mahalliy boshqaruv organlari, elchixona va tadbirkor yurtdoshlarimiz o‘rtasida ushbu formatdagi muloqotlarni muntazam o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.

A.QAYUMOV, O‘zA