Xalqaro valyuta jamg‘armasining Ron van Ruden boshchiligidagi missiyasi mamlakatimiz iqtisodiy va moliyaviy rivojlanishini tahlil qilish, fiskal va monetar siyosati yo‘nalishlari bilan tanishish maqsadida qator vazirlik va idoralar vakillari bilan onlayn-maslahatlashuvga kirishdi.

Mazkur tadbir XVJ kelishuv qoidalarining IV moddasida ko‘zda tutilgan yo‘sinda olib boriladi.

Missiya doirasida xalqaro ekspertlar Markaziy bank rahbariyati bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida makroiqtisodiy siyosat, pandemiya davrida Markaziy bank tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar, inflyatsiya darajasi va bu jarayonga ta’sir qiluvchi omillar, inqiroz sharoitida bank tizimi barqarorligi va duch kelingan muammolar muhokama qilindi.

Markaziy bank rahbariyati 2020 yilda og‘ir pandemiya sharoitiga qaramasdan bank tizimi barqarorligi ta’minlangani, kredit tashkilotlari hisobot davrini ijobiy natija bilan yakunlaganini ta’kidladi. 2021 yil banklar moliyaviy barqarorligini o‘rganish va ta’minlash bo‘yicha Markaziy bank tuzilmasida alohida departament tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Missiya rahbari, o‘z navbatida, Markaziy bank tomonidan olib borilayotgan pul-kredit va makroprudensial siyosat samaradorligini, O‘zbekistonda inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlari ta’minlanayotganini e’tirof etdi.

Tomonlar bank tizimini isloh etish, davlat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonida xalqaro moliya institutlari va xorijiy investorlar ishtiroki muhim ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, muloqotning keyingi bosqichlarida hamkorlikka oid boshqa yo‘nalishlarni belgilash va ishlab chiqishga kelishib olindi.

Missiya o‘z faoliyatini 12 fevralga qadar davom ettiradi.

Markaziy bank matbuot xizmati

O‘zA