O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natijani ta’minlashi shart degan vazifa belgilangan edi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda, Ta’lim inspeksiyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida joriy yilning 27 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumani 6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘quv-seminari tashkil etildi.

Unda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va uning huzuridagi Milliy markaz, Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Xo‘jayli tumani xokimligi, hududiy xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi rahbarlari va jamoalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan 27 ta tayanch maktablar, shuningdek, Xo‘jayli tumanidagi 6-maktabga biriktirilgan umumta’lim muassasalari direktorlari, ularning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, aniq, tabiiy, filologiya va boshlang‘ich ta’lim fanlari bo‘yicha trener o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston ilk marotaba ta’lim sifatini baholash bo‘yicha PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlarni ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholash – PIRLS dasturining tajriba-sinov tadqiqoti joriy yil oktyabr oyida o‘tkazildi. Ushbu dastur bo‘yicha asosiy tadqiqotlar 2021 yil aprel oyida o‘tkazilishi belgilangan.

Xuddi shunday, 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholashga yo‘naltirilgan PISA dasturining tajriba-sinovlari ham 2021 yil aprel-may oylarida hamda asosiy tadqiqotlari 2022 yil aprel-may oylarida tashkil etiladi.

Mazkur tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘tgan yilda Respublika bo‘yicha 348 ta tayanch maktablar belgilanib bo‘lib, ushbu maktablardan 27 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan. Mazkur maktablarga yaqin hududlarda joylashgan boshqa maktablar ularga biriktirilib, trener-o‘qituvchilar guruhlari shakllantirilgan.

Ushbu tayanch maktablari viloyatdagi boshqa maktablar uchun xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik yo‘nalishida muvofiqlashtiruvchi va metodik bazaga ega bo‘lgan muassasa hisoblanadi.

Tadbirning birinchi qismida PISA va PIRLS tadqiqotlariga tayyorgarlik bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, tayanch maktablarining laboratoriya jihozlari, reaktivlar va zarur kompyuter texniklari bilan ta’minlanganlik holati tanqidiy muhokama qilindi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddatlarni ko‘rsatgan holda rejalar belgilandi.

Seminarda so‘zga chiqqan Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev hududda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar hamda istiqboldagi vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

– Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’lim sifatini tubdan yaxshilash, chekka hududlarda maktablarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida vazifalar belgilab berilgan.

Mamlakatimizda ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, xalqaro baholash dasturlarida erishayotgan muvaffaqiyatlarini o‘rganish, xususan, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

bugungi kunda umumta’lim maktablaridagi ta’lim sifatini poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham yuqori darajaga olib chiqish, shuningdek, o‘quvchilarni faqatgina yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olingan.

Mazkur vazifalarni har bir ta’lim muassasasida to‘liq amalga oshirish uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqargan holda harakat qilishimiz lozim. Ayni shu nuqtai nazardan Ta’lim inspeksiyasi mamlakatimizning qaysi hududida bo‘lmasin, ta’lim sifati ko‘rsatkichlarini oshirish yo‘lida muntazam hamkorlikka doim tayyor.

Bugun Xo‘jaylida Sizlar bilan ko‘rishib, mazkur masalalarni muhokama qilayotganimiz ham albatta bejiz emas. Zero Qoraqalpog‘istonning eng chekka hududlaridagi maktablar sharoiti va ta’lim sifati poytaxt markazidagi maktablar bilan tenglashmas ekan, biz kerak bo‘lsa, joylarga chiqqan holda muammolarni o‘rganishda va ularni ijobiy hal qilishda davom etaveramiz – dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i.

Ulug‘bek Tashkenbayev, shuningdek, o‘z nutqida xalqaro tadqiqotlarga munosib tayyorgarlik ko‘rish va bu borada tayanch maktablar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan quyidagi qator vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkil etilgan 27 ta tayanch maktablarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tuman (shahar) hokimliklari tomonidan multimedia vositalari va laboratoriya reaktivlari bilan ta’minlash lozim.

Shu bilan birgalikda, o‘qituvchilar malakasini oshirish hududiy markazi tomonidan malaka oshirish o‘quv dasturlariga o‘quvchilarni xalqaro tadqiqotlarga tayyorlash, ularda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish metodikalarining o‘qitilishiga e’tibor qaratilishi kerak.

Tadbir davomida hududiy hokimlik hamda xalq ta’limi mutasaddilari tomonidan keltirilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

Seminarning ikkinchi qismi sho‘ba yig‘ilishlari va mahorat darslari ko‘rinishida davom etdi. Unda Nukus davlat pedagogika instituti, hududiy malaka oshirish markazi va tayanch maktabning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan «Ustoz-shogird» tamoyili asosida mahorat darslari tashkil etildi.

Xususan, 15 nafar o‘quvchi ishtirokida Fizika laboratoriya xonasida olib borilgan mahorat darsini 15 nafar tayanch maktab trenerlari kuzatib bordilar va o‘zlari uchun yangi tajribalarni orttirdilar.

Shuningdek, o‘qish, matematik, tabiiy-ilmiy savodxonlik va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha sho‘balarda jami 142 nafar trener-o‘qituvchilar ishtirok etib, xalqaro tadqiqotlarning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Mahorat darslari yakunida tajribali ekspertlar tomonidan xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rishda o‘qish, tabiiy-ilmiy va matematik savodxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qituvchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Shu bilan birgalikda, tayanch maktablar o‘ziga biriktirilgan maktablar bilan faol tarzda ishlash mexanizmini joriy etgan holda ishlarni tashkil etishlari bo‘yicha vazifalar berildi. Biriktirilgan maktablar tayanch maktablar tomonidan o‘tkazilayotgan seminar-trening, amaliy mashg‘ulot va davra suhbatlarida ishtirokini to‘liq ta’minlash va trener-o‘qituvchilar shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga tegishli tavsiyalar berildi.