Nukus shahridagi «Yoshlar markazi»da Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘z tadbirkorligini boshlash istagidagi yoshlar uchun «Tadbirkorlik asoslari» mavzusida uch kunlik seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tgan tadbirda yosh tadbirkorlar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalari bo‘yicha o‘qitildi.

– Uch kunlik seminar bizlarda yaxshi taassurot qoldirdi, – deydi Qo‘ng‘irot tumanidan Shukurjon Quanishboyeva. – O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Markaziy bankining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi mutaxassislari tomonidan turli mavzularda seminarlar, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Mening biznes g‘oyam mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Kelajakda yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish sexini tashkil etib, 10 nafar yoshni ish bilan ta’minlashni maqsad qildim.

– Ellikqal’a tumani Dumonqal’a ovul fuqarolar yig‘inida baliqchilik xo‘jaligini tashkil etdim, – deydi yosh tadbirkor Timur Tangirbergenov. – O‘tgan yili 3 tonna baliq yetishtirib, aholiga arzon baholarda yetkazib berdik. Kelajakda faoliyatimizni yanada kengaytirib, xalqimizni baliq va baliq mahsulotlari bilan ta’minlamoqchimiz.

Tadbir doirasida Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlaridan kelgan yoshlar o‘z biznes rejalari taqdimotini o‘tkazdi.

Seminar-trening yakunida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarma boshlig‘i, Senator A.Daniyarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori F.Allambergenov yosh tadbirkorlarni muvaffaqiyatlari bilan qutladi va ularga sertifikatlar topshirdi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA