Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori F.Allambergenov Ellikqal’a tumani yoshlari bilan uchrashdi.

Sektor rahbarlari hamda mas’ul idoralar vakillari ishtirok etgan tadbirda yoshlarning muammolarini hal qilish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvni o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlarning zamon talablariga mos bilim olishi, shuningdek, ular hayotidagi muammolarni aniqlash va ijobiy yechimini ta’minlashdan iborat.

Tadbirda yoshlarning muammo va takliflari tinglanib, 8 ta murojaat shu joyning o‘zida ijobiy hal qilindi. Jami qabul qilingan 22 ta, jumladan, yer ajratish masalasida 3 ta, bank-kredit yo‘nalishida 11 ta, ishga kirish masalasida 5 ta, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam so‘ralgan 2 ta murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori shu kuni tumandagi 17-, 38 va 50-sonli umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu jarayonda aniqlangan tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv ta’minoti va shu kabi boshqa ijtimoiy masalalarda o‘rin olayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlariga tegishli topshiriq berildi. Ushbu maktablarga badiiy kitoblar hamda zarur sport anjomlari sovg‘a etildi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri