O‘zbekiston Transparency International xalqaro nohukumat tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2020 yil uchun e’lon qilingan nashrida o‘z o‘rnini 7 pog‘ona yaxshiladi.

O‘zbekiston 2012 yilda 17 ball bilan 170-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020 yilga kelib 26 ball bilan 146-o‘ringa ko‘tarilishga erishdi.

Mazkur ijobiy o‘zgarishlarning sababi – so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashning ham huquqiy, ham institutsional asoslari mustahkamlanayotganidir. Ushbu jiddiy muammo davlat va jamiyat kun tartibida keng muhokama qilinib, korrupsiyaga toqatsizlik muhiti shakllanib borayotir.

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, korrupsiya illatiga qarshi kurash masalasida davlat organlarida tobora ochiqlik keng joriy etilmoqda.

Fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni muhokama qilish bilan birga ularning yechimini topishga bo‘lgan harakat sezilarli ravishda kuchaydi. Bu kabi choralar Korrupsiyani qabul qilish indeksining tub mohiyatiga mos keladi.