Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida yunon-rum kurashi bo‘yicha mavsumning ilk rasmiy musobaqasi – Gran Prix Zagreb Open 2021 yakunlandi.

-60 kg vazn toifasidagi terma jamoamiz a’zosi, Osiyo chempioni Islomjon Bahromov final bellashuvini muvaffaqiyatli yakunladi. U turkiyalik Axmet Uyarga qarshi kechgan bahsda raqibini 9-0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, -55 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Jasurbek Ortiqboyev ham barcha raqiblarini yengib, Zagreb Gran-prisi chempioniga aylangandi. Ortiqboyev oltin medal uchun kechgan bellashuvda germaniyalik Fabian Shmittdan 9-0 hisobida ustun kelgandi.

Shu tariqa terma jamoamiz Gran Prix Zagreb Open turnirida 2 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ilhomjon Bahromov (-55 kg) kumush, Feruz To‘xtayev (-60 kg) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.